Ko‘z oldi qorong‘ulashib, bosh aylanishi qanday omillar sababli yuzaga keladi?

Ko‘z oldi qorong‘ulashib, bosh aylanishi ko‘pchilik uchun tanish holat. Biroq, hamma ham unga yetarlicha e’tibor beravermaydi. Ayrimlar esa qoni kamayib ketganligini aytib, gemoglobin miqdorini oshirish payida bo‘ladi.

Aslidachi, bosh aylanishi qanday omillar sababli yuzaga keladi?

Ushbu savollarga tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor Gʻofurov javob berdi.

"Bosh aylanish kasallik emas, balki ko‘plab nevrologik, psixologik, yurak-qon tomir tizimi hamda quloq xastaliklari fonida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan alomatdir, — deydi shifokor.

Aslida har qanday sog‘lom inson proprioseptiv, ko‘rish va vestibulyar tizimlar yuborgan impulslar yordamida tana muvozanatini saqlaydi. Agar bosh miyaga yuborilayotgan ana shu impulslar buzilsa, u atrofidagi predmetlarni xuddi aylanayotgandek his etadi. Natijada esa odamning boshi aylanadi.

Aytish kerak, bu holatga olib kelishi mumkin bo‘lgan 80 dan ortiq sabablar mavjud.

Ulardan biri esa miya faoliyatining buzilishi hisoblanadi. Xususan, miyadagi xavfli o‘smalar, bosh suyagi jarohati, miya qon tomirlari faoliyatining buzilishi, umurtqa bo‘yin qismining lat yeyishi va umurtqa churrasi shular jumlasidan.

Qolaversa, kuchli charchoq, qattiq hayajonlanish, emotsional holatning keskin o‘zgarishi oqibatida ham bosh aylanadi. Shu bilan birga, vestibulyar nervning virusli infeksiyalari yoki labirintit sababli ham ushbu holat kuzatiladi. Bu paytda bemor qulog‘ida shovqin, og‘riq paydo bo‘lib, eshitish qobiliyati susayadi yoki butunlay yo‘qolishi ham mumkin.

Shu sababli bunday bosh aylanishiga bee’tibor bo‘lmaslik lozim. Chunki mazkur holatda kasallik belgilarsiz boshlanib, infeksiyaning miyaga o‘tib ketish xavfi yuqori.

Shuningdek:

- arterial qon bosimning oshib yoki tushib ketishi;
- qonda qand miqdorining pasayishi;
- insult;
- organizmning suvsizlanishi;
- vegetativ distoniyalar;
- surunkali kechuvchi kamqonlik;
- yurak kasalliklari va yana bir qancha xastaliklar ham ushbu holatga sabab bo‘ladi.

Ayniqsa, to‘satdan holsizlik, ko‘rish yoki eshitish, nutqning buzilishi bilan kechadigan bosh aylanishiga bee’tibor bo‘lmaslik kerak. Chunki bu vaziyat insult xastaligidan darak beradi. Agar bemorning nutqi o‘zgarib, yuz simmetriyasi buzilsa, darhol shifokorga murojaat qilish zarur.

O‘tirgan joydan turganda qisqa vaqtli ortostatik bosh aylanishi esa ko‘pincha organizmda suyuqlik yetishmasligi bilan bog‘liq. Agar suvsizlanish bo‘lmay,  bosh aylanishi kuzatilsa, unga yurak ritmining buzilishi yoki yurak yetishmovchiligi sabab bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, bosh aylanishi bilan birga, kuchli bosh og‘rig‘i, yurishning qiyinlashishi, ko‘ngil aynishi va qusish, hushdan ketish, havo yetishmasligi, bo‘yin muskullarining tortishishi hamda talvasalar kuzatilsa, albatta, shifokorga murojaat qilish lozim.

Eslatib o'tamiz, bundan oldin tarvuzdan zaharlanish va undan qanday himoyalanish mumkinligi, nevrologik kasalliklar yiliga 9 mln bemorning o‘limiga sabab bo‘lyotganligi haqida xabar bergan edik. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 32301 | Инструменты