Tarvuzdan zaharlanishni oldini olishda qanday choralar ko'rish kerak?

Tarvuz — inson organizmi uchun eng foydali mahsulotlardan biri.  Biroq u yetarli darajada pishmagan yoki uni yetishtirishda kimyoviy o‘g‘itlardan ko‘p foydalanilgan bo‘lsa, salomatlik uchun jiddiy xavf tug‘diradi.

Shunday holatlardan biri yaqinda Namanganda kuzatildi. Unda er-xotin muzlatgichda saqlangan 2 kunlik tarvuzni yeb, zaharlanish oqibatida vafot etgandi. 

Har qanday maxsulotni muzlatgichda saqlab, bir necha kun o'tgandan keyin iste'mol qilish inson organizmi uchun zararli hisoblanadi. 

Tarvuzdan zaharlanmaslik uchun nimalarga e’tibor qaratish lozim?

Tarvuzning foydali xususiyatlari

Tarkibi 92 % suvdan iborat ushbu mahsulot kaliy va magniyga boy. Shu sababli u asab tizimi va miya faoliyatiga ijobiy ta’sir etadi. Tarvuzning antioksidantlik xususiyati yuqori bo‘lib, tarkibidagi A, V darmondorilari va kartonoid yallig‘lanish va erta qarishga to‘sqinlik qiladi. Ayniqsa, tarvuz onkologik va yurak-qon tomir tizimi kasalliklarining oldini olish, hazm faoliyatini yaxshilash va moddalar almashinuviga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan yanada foydali.

Tarvuz sotib olayotganda nimalarga e'tibor qaratish kerak?

Sanitariya-gigiyena boshqarmasi boshlig‘i A.Shukurovning tavsiyasiga ko'ra, ushbu maxsulotning bus-butunligiga, chirimaganiga va kimyoviy o‘g‘itlar bilan me’yordan ortiq to‘yintirilmaganiga e’tibor qaratish kerak. Tarvuz xarid qilayotganda, eng avvalo, sotuvchidan mahsulot manbai, uning sifati va xavfsizligini tasdiqlovchi tegishli ruxsatnomani talab qilishi lozim. 

Ushbu rezavorning qizil mag‘zida mikroblar juda tez tarqaladi

Tabiiy pishgan tarvuz chertib ko‘rilganda jarangdor ovoz chiqib, uning po‘stini osongina tirnash mumkin. Agar mahsulotning bandi qurigan bo‘lsa, bu uning yaxshi pishganidan dalolat. 

Tarvuz holatining yana bir muhim ko‘rsatkichi qizil qismidagi tomirlar rangidir. Agar ular sariq yoki binafsha tusda bo‘lsa, bunday mahsulotdan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki u to‘liq pishmagan yoki nitratning ta’siri bo‘lishi mumkin. Uning ustidagi chiziqlar aniq va bir-biri bilan aralashib ketmagan bo‘lishi kerak. Xiralashgan chiziqlar uning nitrat bilan to‘yinganini bildiradi.

Shuningdek, tabiiy pishgan tarvuz suvga solinganda uning ustiga qalqib chiqadi. Azotli o‘g‘it bilan to‘yingani esa aksincha suv ostiga cho‘kadi. Agar bo‘laklanganda qiyshiq emas, to‘g‘ri kesilsa, bu holat ham uning kimyoviy moddalarga to‘yinganligining belgisidir. 

Zaharlangan bemorda qanday holatlar kuzatiladi?

Tarkibida nitrat moddasi me’yordan ortiq bo‘lgan tarvuz iste’mol qilinganda, uning noxush belgilari 4-6 soatdan keyin paydo bo‘ladi. Bu poliz ekinidan zaharlanganlarda ko‘ngil aynishi, qusish, diareya, qorin va bosh og‘rig‘i, 38-39 darajagacha isitma ko‘tarilishi, yurak urishining sekinlashishi hamda qo‘l-oyoqlarning sovuq qotishi kabi alomatlar kuzatiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 32303 | Инструменты