Huawei 1
Komil Allamjonovga suiqasd uyushtirildi

26-oktyabr kuni soat 01:40 larda fuqaro S.S.ning boshqaruvidagi Range Rover rusumli avtomashina Qibray tumani, Ifor ko‘chasi bo‘ylab harakatlangan vaqtida 2 nafar nomaʼlum shaxslar mazkur avtomashinaga o‘qotar qurolidan bir necha marotaba o‘q uzib, nomaʼlum tomonga yashirinishgan. Bu haqda Bosh prokuratura xizmati xabar berdi.

Xabarlarda Komil Allamjonovning uyi yaqinida mashinaga o‘q uzilgani aytilgan. Komil Allamjonov yaqin vaqtgacha Prezident administratsiyasining Axborot siyosati departamenti rahbari, undan oldin esa Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi boshlig‘i hamda prezident matbuot kotibi lavozimlarida faoliyat yuritgan edi. 

"Gazeta.uz"ning yozishicha, huquqni muhofaza qilish organlaridagi manbalari mashinada haydovchidan tashqari Komil Allamjonov ham bo‘lganini tasdiqladi. Manbalarning maʼlum qilishicha, Range Rover ortidan qo‘riqchisi bo‘lgan Cobalt avtomobili ham harakatlanayotgan bo‘lgan.

Ushbu holatda biror-bir shaxs tan jarohati olmagan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Gumon qilinuvchi shaxslarni aniqlash va ushlash yuzasidan tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda. Hozirda tegishli idoralarning malakali xodimlaridan iborat tezkor-tergov guruhi tuzilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102700 | Инструменты