“Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasida o‘qitishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Mazkur Nizom aholi va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini uzluksiz oshirishga qaratilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasi” elektron platformasi (Virtual akademiya)da o‘qitishni tashkil etish tartibini belgilaydi.
Nizomga muvofiq, Virtual akademiyada o‘quv faoliyatini tashkil etish va yuritish Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
Virtual akademiyada o‘qitish bazaviy (barcha foydalanuvchilar uchun bepul) hamda maxsus (to‘lov-shartnoma asosida) o‘quv kurslari bo‘yicha yo‘lga qo‘yiladi.
Bazaviy va maxsus o‘quv kurslari ishdan ajralmagan holda, asinxron rejimida masofadan turib elektron ta’lim resurslarini mustaqil ravishda o‘zlashtirish asosida amalga oshiriladi.
Bazaviy o‘quv kurslari ta’lim oluvchilarga korrupsiya tushunchasi, tarixi, oqibatlari, unga qarshi kurashish va oldini olishga doir masalalarni tushuntirish, yangiliklar, muammoli vaziyatlar va ularning yechimlari, savol-javob hamda turli xil sinovlar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
Ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari, o‘quvchilari va talabalari uchun Maktabgacha va maktab ta’limi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirliklari bilan birgalikda alohida o‘quv dasturlari ishlab chiqiladi.
Maxsus o‘quv kurslarida malaka oshirish barcha davlat xizmatchilari uchun majburiy hisoblanadi, bunda:
- ishga qabul qilinganidan so‘ng uch oy ichida o‘quv kursidan o‘tadi;
- malaka oshirishning davriyligi har uch yilda kamida bir martani tashkil etadi.
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari va korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan davlat xizmati lavozimlarida faoliyat ko‘rsatuvchi xizmatchilar uchun maxsus kurslar chuqurlashtirilgan o‘quv dasturlari asosida olib boriladi.
Virtual akademiyada o‘quv jarayoni sifatli tashkil etilishini monitoring qilib borish agentlik tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat organlari va tashkilotlari har chorakning oxirgi oyi 25-sanasiga qadar ishga qabul qilinganiga uch oy to‘lgan davlat xizmatchilari to‘g‘risida Agentlikka taqdim etilgan ma’lumotlar asosida akademiya bilan kelishilgan holda oʻqitish reja-grafigi tasdiqlanadi.
Davlat organlari va tashkilotlari Virtual akademiyaning maxsus oʻquv kurslarida oʻz xodimlarining oʻqishga qatnashishi uchun masʼul hisoblanadi. Maxsus o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlaganlarga sertifikat beriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110511 | Инструменты