Huawei 1
Latviyadagi O'zbekiston savdo uyi bilan Yevropa bozorlariga eksport hajmini oshirish bo'yicha hamkorlik jadallashmoqda

Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Rigadagi O'zbekiston savdo uyi rahbari, faxriy konsuli Vladimir Galperinning Sirdaryo viloyati tuman hokimlari va eksportyorlari uchun "Yevropaga eksport qilish" nomli onlayn davra suhbati va seminar-trening tashkillashtirildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

Seminar davomida mamlakatimiz mahsulotlarini Yevropa davlatlariga eksport qilish bo'yicha normativ-texnik tartibga solish va boshqa o'ziga xos talablarning xususiyatlari, ishonchli hamkorlarni topish, shartnomalar tuzish, shuningdek, O'zbekiston savdo uylari imkoniyatlaridan foydalanish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Bundan tashqari ekspert Yevropada qishloq xo'jalik mahsulotlari eksporti bilan bog'liq talablar va shartlar, oziq-ovqat mahsulotlarini qadoqlash standartlari, qayta ishlash texnologiyalari, ichimliklar ishlab chiqarishga doir ma'lumotlar taqdim etdi. Hokimliklar rahbarlariga Latviya, Litva va Estoniya importyorlari qanday turdagi o'zbek mahsulotlariga qiziqish bildirayotgani va mazkur bozorlarning hajmi bo'yicha atroflicha ma'lumot berildi.

Tadbir davomida Boltiqbo'yida mavjud bo'lgan omborlar va ularni ijaraga olish, shuningdek bojxona tomonidan rasmiylashtirish va keyinchalik boshqa Yevropa mamlakatlariga yetkazish tartibi masalalari ishtirokchilarda faol qiziqish uyg'otdi.

Trening yakunida ishtirokchilarning barcha savollariga javob berilib, kelgusida hokimiyatlar va O'zbekiston savdo uyi o'rtasida Sirdaryodan Yevropa bozorlariga eksport hajmini oshirish doirasida birgalikda ish olib borish bo'yicha kelishuvga erishildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 10114 | Инструменты