Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar uchun masofali video-uchrashuvlar o‘tkazish imkoniyatini yaratishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
O‘tgan sakkiz yilda ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan yoki jazo muddatini o‘tab chiqqan shaxslarga nisbatan munosabat butunlay o‘zgardi. Mahkumlarni saqlash sharoitlari xalqaro standartlarga moslashtirilmoqda va huquqlari kengaytirilmoqda.
Ayni kunlarda mamlakatimizdagi jazoni ijro etish muassasalarida 30 mingdan ortiq mahkumlar bor. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra har bir mahkumning 3 kishigacha bo‘lgan yaqinlari, yaʼni ikki nafar kattalar va bir nafar voyaga yetmagan shaxs yilda 6 marotaba mahkum bilan uzoq muddatlik (1 sutkadan 3 sutkagacha) uchrashish huquqiga ega. Eʼtiborli jihati 2020-yilgacha ushbu uchrashuvlar soni 4 marotaba edi xolos.
Bundan tashqari, jazoni ijro etish muassasasida saqlanayotgan mahkumlarning oldiga yaqin qarindoshlari har doim ham kelishga imkon topa olmaydi. Qolaversa, mahkumning yaqinlari yo‘lning o‘ziga 2-3 sutkalab vaqt yo‘qotadi va bu xarajatlar qimmatga tushishi ayni haqiqat. Shuni ham qayd etish joizki, uchrashuvlarga mahkumning barcha yaqinlarini olib borishning imkoni yo‘q.
O‘z navbatida, mahkumlarning oilasi va jamiyatdan uzilib qolishini oldini olish, qonunga itoatkor xulq-atvorni shakllantirish maqsadida sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish ustida ish olib borilmoqda.
Jumladan, aynan senatorlar muhokama qilgan mazkur Qonun mahkumlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning yaqin qarindoshlari bilan masofadan turib video-uchrashuvlar o‘tkazishi uchun imkoniyat yaratadi.
Qonun bilan Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning ixtiyoriga ko‘ra, telefon orqali so‘zlashuv huquqidan foydalanish bilan bir qatorda masofali video-uchrashuvlarini tashkil etishga qaratilgan normalar kiritilmoqda.
Jumladan, endilikda Qonun bilan masofali video-uchrashuvlar qo‘shimcha huquq doirasidan asosiy huquq doirasiga o‘tkazilmoqda. Ularning soni jazoni ijro etish muassasasi tartibidan kelib chiqib telefon orqali so‘zlashuvlari soni bilan tenglashtirilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi mahkumlar bilan olib borilayotgan tarbiyaviy ishlar samaradorligiga, jazoni ijro etish tizimida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo‘llashga, davlatimizning inson huquqlarini taʼminlash bo‘yicha xalqaro hamjamiyat oldidagi nufuzining oshishiga hamda xalqaro reytinglardagi o‘rni yana-da yaxshi bo‘lishiga xizmat qiladi.
Muhokamadan so‘ng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22211 | Инструменты