Maktabda dars qoldirgan o‘quvchilarning uyiga xat yuborilishi yuzasidan qo'shimcha izoh berildi

Avvalroq, dars qoldirayotgan o‘quvchilarning xonadoniga "Ogohlantirish xati" yuborilishi haqida xabar bergan edik

Mazkur xabarda endilikda dars qoldirib kelayotgan o‘quvchilarning ota-onalariga “Ogohlantirish xati” yuborilishi va bu orqali ularga turli tartibdagi maʼmuriy javobgarlik choralari qo‘llanishi aytib o‘tilgan.

Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi qo'shimcha izoh berdi

Qayd etilishicha, davlat rahbari boshchiligida joriy yilning 5-fevral kuni o‘tkazilgan ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga o‘tkazilganligi aytib o‘tildi.

Inspektor-psixologlarning asosiy vazifasi, o‘quvchilarning taʼlim-tarbiyasini tashkil etishda maktab jamoalariga yaqindan ko‘maklashish, muntazam dars qoldiruvchi o‘quvchilarning ota-onalari bilan ishlashdan iborat.

Shu maqsadda darslarga muntazam (uch o‘quv kuni va undan ortiq) sababsiz qatnashmayotgan o‘quvchilarning yashash manzillariga tezkor ravishda “Ogohlantirish xati” yuborilmoqda. Unda o‘quvchilarning ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 47-moddasi mazmun-mohiyati tushuntirib o‘tilgan.

Jumladan, farzandlarini tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmaslik, bolalarning majburiy umumiy o‘rta taʼlim olishiga to‘sqinlik qilish oqibatlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining tegishli moddasiga asosan qonuniy jazo choralari keltirib o‘tilgan.

Bundan ko‘zlangan maqsad, darsda ishtirok etmayotgan o‘quvchilar oila aʼzolarining masʼuliyati va javobgarligini oshirishdan iborat. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72709 | Инструменты