Huawei 1
Malayziya Hukumatiga tegishli bank O'zbekiston tijorat banklari bilan hamkorlikka tayyor

O'zbekiston elchixonasi rahbariyati Malayziyaning "Export-Import Bank of Malaysia" (Eksimbank) prezidenti va bosh ijrochi direktori Nurbayu binti Kasim Chang bilan uchrashdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.

Uchrashuvda Malayziya Eksimbanki rahbariyati bilan O'zbekiston tijorat banklariga moliyaviy resurslarni ajratish va o'zaro manfaatli hamkorlikni o'rnatish istiqbollari muhokama qilindi.

Nurbayu binti Kasim Chang Markaziy Osiyo davlatlari orasida O'zbekistonda ulkan salohiyatga egaligi, investitsiya muhitini tubdan yaxshilash va investorlarga qulay shart-sharoit yaratish yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlar o'zining ijobiy natijalarini berayotganini ta'kidladi.

Malayziya tomoni bilan O'zbekistondagi xalqaro reytinglar va standartlarga javob beradigan moliyaviy barqaror bo'lgan davlat va xususiy banklar bilan hamkorlik qilish to'g'risida fikr almashildi.

Eksimbankning o'tgan yillar davomida islomiy banking yo'nalishida erishgan ulkan tajribasini inobatga olib, Malayziya tomoniga O'zbekiston moliyaviy sektoriga islomiy banking va sug'urta (takaful) bozoriga birinchilardan bo'lib kirish taklifi bildirildi.

Eksimbanki prezidenti O'zbekistonga investitsiya kiritishni rejalashtirayotgan Malayziya kompaniyalari bilan alohida uchrashuv o'tkazish, har bir kompaniya loyihalarini batafsil tahlil qilgan holda, ularni qulay shartlardagi moliyaviy resurslar bilan ta'minlash masalasini o'rganib chiqishga tayyorligini bildirdi.

Malayziya eksport-import banki 1995-yil avgustda Moliya vazirligi ta'sisligida strategik sektorlarga investitsiyalar va eksportni rag'batlantirish hamda mamlakat kompaniyalarining yangi bozorlarga kirishini osonlashtirish maqsadida tashkil etilgan.

2023-yilda bankning umumiy aktivlari qiymati 1,35 milliard dollar, jami kreditlar va moliyalashtirish aktivlari 1,07 milliard dollarni, shundan, 707 million dollar (66 foiz) an'anaviy va 363 million dollar (34 foiz) islomiy moliya aktivlari tashkil etadi. Hozirda bankning moliyaviy xizmatlari dunyoning 53 ta davlatini qamrab olgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101817 | Инструменты