Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi oktabr oyida o‘tkazgan yig‘ilishlarda 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi, deya xabar bermoqda regulyator matbuot xizmati.
Qo‘mita mazkur oyda jami 8 ta yig‘ilish o‘tkazib, 32 ta masalani ko‘rib chiqqan va tegishli qarorlar qabul qilgan. Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 16 ta masala, shu jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan o‘zgartirishlarni ro‘yxatdan o‘tkazish (4 ta), mikromoliya tashkilotlariga berilgan litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish (1 ta), mikromoliya tashkilotlarini hisob ro‘yxatiga olish (3 ta) hamda tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi a’zolari hamda muhim ahamiyatga ega xodimlarining nomzodlarini ko‘rib chiqishga doir (8 ta) masalalar ko‘rib chiqilgan.
Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 16 ta masala — Markaziy bankning ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlari talablarining bajarilishi, shuningdek, tijorat banklari va mikromoliya tashkilotida o‘tkazilgan o‘rganish va tekshirishlar natijalari ham muhokama qilingan.
Markaziy bank tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va tekshirish natijalarida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 7 ta bank va 2 ta mikromoliya tashkilotiga nisbatan jarima sanksiyasi qo‘llangan.
Shuningdek, 2 ta to‘lov tashkiloti va 2 ta to‘lov tizimi operatori to‘lov tizimi operatorlari hamda to‘lov tashkilotlari ustav kapitalining eng kam miqdori va tashkiliy-huquqiy shakliga qo‘yilgan talablarni bajarmagani, 4 ta tijorat banki esa xavfsizlikni ta’minlash va avtomatlashtirilgan bank tizimlarida axborotlarni muhofaza qilish ishlarini tashkil etishda xatoliklarga yo‘l qo‘ygani aniqlangan. Regulyator ularga nisbatan chora va sanksiyalar qo‘llanishi to‘g‘risida ogohlantirgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111409 | Инструменты