“Markaziy Osiyo mamlakatlari BMT strategiyasini birgalikda amalga oshirishda namuna bo'lmoqda”
Prezidentimizning BMT Bosh assambleyasining 75 sessiyasida birinchi marta ona tilimizda nutq so'zlaganligi, xalqaro hamjamiyatga mintaqaviy va global ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan o'z nuqtai nazarini taqdim etganligi va O'zbekistonni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilishning eng ustuvor yo'nalishlarini belgilab berganligi barchamizni hayajonga solishidan tashqari, har birimizda faxr-iftixor tuyg'ularini uyg'otdi.
Darhaqiqat, O'zbekiston BMT strategiyalarini izchil amalga oshirish, xususan, xalqaro terrorizmga qarshi kurash yo'nalishida faollik ko'rsatib kelyapti. Bugungi kunda Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta'minlash sohasida ham samarali hamkorlik yo'lga qo'yilgan bo'lib, bu nuqtda alohida ta'kidlab o'tildi. BMTning Global antiterror strategiyasi muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirilayotgani buning yaqqol tasdig'idir.
Davlatimiz rahbari ushbu strategiya doirasidagi Mintaqaviy qo'shma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bag'ishlangan xalqaro konferensiyani o'tkazish taklifini ilgari surdi. Bu bejiz emas, albatta. Zero, O'zbekiston BMTning Global antiterror strategiyasi qabul qilinishini qo'llab-quvvatladi va o'tgan davrda terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurash bo'yicha 14 ta xalqaro konvensiya va protokolni ratifikatsiya qildi.
BMTning Global antiterror strategiyasining quyidagi asosiy yo'nalishlari mavjud:
* terrorizmning tarqalishi uchun qulay sharoitlarni bartaraf etishga qaratilgan chora-tadbirlar,
* terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurashish,
* davlatlarning terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurashish salohiyatini kuchaytirish, shuningdek, BMT tizimining ushbu sohadagi rolini kengaytirish,
* terrorizmga qarshi kurashning asosiy negizi sifatida inson huquqlari va qonun ustuvorligiga umumiy hurmatni ta'minlash.
2000 yilda Nyu-Yorkda bo'lib o'tgan Ming yillik sammitida e'lon qilingan BMT doirasida Terrorizmga qarshi kurash bo'yicha Xalqaro Markazni tashkil etish tashabbusi O'zbekistonning terrorizmga qarshi kurash bo'yicha umumiy sa'y-harakatlarga qo'shgan muhim hissasi bo'ldi. Keyinchalik bu taklif BMT Xavfsizlik Kengashining Terrorizmga qarshi qo'mitasini tashkil etishda ham o'z aksini topdi.
2021 yil Global antiterror strategiyasini amalga oshirish bo'yicha Markaziy Osiyo bo'yicha Mintaqaviy qo'shma reja qabul qilinganiga 10 yil to'ladi. Mazkur hujjat 2011 yil 30 noyabrda Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O'zbekiston vakillari tomonidan yuqori darajadagi uchrashuvda tasdiqlangan. Aytish joizki, Markaziy Osiyo 2011 yilda BMTning Global antiterror strategiyasini amalga oshirish bo'yicha Mintaqaviy qo'shma rejani qabul qilgan birinchi mintaqa bo'lgan edi. Shu bois ham BMT Bosh kotibi A. Guterrish buni e'tirof etgan holda, shunday degandi: “Markaziy Osiyo mamlakatlari ushbu BMT strategiyasini birgalikda amalga oshirishda namuna bo'lmoqda”.
Mintaqaviy qo'shma reja Markaziy Osiyo mintaqasi uchun terrorizmga qarshi kurash bo'yicha umumiy ko'rsatmalarni belgilaydigan hujjat bo'lib xizmat qiladi. Bu hujjat nimalar qilinishi kerakligi to'g'risida aniq bo'limlarni o'z ichiga qamrab olgani, uzoq vaqt davomida terrorizmning oldini olish va unga qarshi kurash choralari belgilangani, erishiladigan umumiy maqsadlarni belgilab bergani hamda u hukumatlar, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan mavjud tashabbuslar asosida ishlab chiqilgan tashabbuslarni amalga oshirishda yuzaga keladigan mavjud bo'shliqlar va muammolarni baholash imkonini berishi bilan ham katta ahamiyatga ega.
Xo'sh, Markaziy Osiyo mintaqasida samarali hamkorlik mexanizmini yaratgani uchun xalqaro miqyosda e'tirof etilgan Mintaqaviy qo'shma reja o'tgan davrda nimalarni berdi?
Avvalo, o'n yil davomida Markaziy Osiyo davlatlari yagona mintaqaviy dastur doirasida hamkorlik qilmoqda, bu terrorizmga qarshi kurashishda umumiy tamoyillar va yondashuvlar bo'yicha mintaqaviy konsensus ishlab chiqishga imkon yaratdi.
Shuningdek, mazkur dastur BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo'yicha Mintaqaviy markazi bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
O'z navbatida, qo'shma hujjatning qabul qilinishi va uning mintaqada amalga oshirilishi mintaqa davlatlarining terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro majburiyatlarga bo'lgan umumiy sadoqatidan yoqqol darak berib turibdi.
Mintaqa davlatlari shu bilan terrorizmga qarshi kurashishda ko'p qirrali yondashuv muhimligini ma'lum qildi va bu xavfsizlik ajralmas, u teng, bu boradagi tahdidlarni do'stlar va dushmanlarga ajratish mumkin emas, faqat birgalikda kurashishimiz mumkin, degan asosiy tamoyillardan kelib chiqadi.
Joriy yilda 5 ta davlatning amaldagi terrorizmga qarshi ustuvor yo'nalishlaridan kelib chiqib, uch yilga mo'ljallangan Mintaqaviy qo'shma rejani amalga oshirishning navbatdagi bosqichi to'g'risida kelishib olish ko'zda tutilgan bo'lib, bu mazkur yo'nalishdagi ishlarimiz samaradorligini oshirishi, shubhasiz.
BMTning Global antiterror strategiyasini amalga oshirish doirasida Markaziy Osiyo davlatlarining so'nggi 10 yillikdagi hamkorligi natijasi sarhisob qiladigan xalqaro konferensiya bu boradagi sa'y-harakatlarimiz izchiligini ta'minlashga xizmat qiladi, albatta.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51519 | Инструменты