“Uzbekistan Airports” kompaniyasi Mo‘g‘ulistonning "Hunnu Air" aviakompaniyasi bilan muzokaralarning ikkinchi bosqichini o‘tkazdi. Yig‘ilishda ishtirok etish uchun aviakompaniya bosh direktori Purevjav Munxjargal Toshkentga keldi.
Tomonlar Toshkent va Ulan-Bator o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam yo‘lovchi qatnovlarini tashkil etish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildi. Aviakompaniya joriy yilning sentabr oyidan boshlab Embraer 190 samolyotlarida haftasiga ikki marta parvozlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Muzokaralarda, shuningdek, Mo‘g‘uliston aviatashuvchisi rahbari Toshkentni nafaqat istiqbolli, sayyohlar va ishbilarmonlar uchun qiziqarli manzil, balki Mo‘g‘uliston va qo‘shni davlatlar yo‘lovchilarining parvozlari uchun keng imkoniyatlar ochib beruvchi tranzit “Xab” sifatida ham ko‘rishini ta’kidladi.
"Hunnu Air" — 2011-yilda tashkil etilgan va shtab-kvartirasi Ulan-Bator shahrining Chingizxon xalqaro aeroportida joylashgan xususiy mo‘g‘ul aviakompaniyasi. Aviakompaniya ichki va xalqaro parvozlarni ATR 72-500 va Embraer 190 samolyotlarida amalga oshiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60804 | Инструменты