Moliya vazirligining funksiyalari va vazifalari kengaytirildi
Joriy yilning 21 avgust kuni Prezident «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
Ma’lum qilinishicha, hujjat Prezidentning 13 apreldagi «Kapital bozorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni, 17 martdagi «Yuqori likvidli va monopol tovarlarni sotish jarayonlariga bozor mexanizmlarini joriy etishni davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi va 13 apreldagi «Kapital bozorini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlariga muvofiq qabul qilingan.
Birinchidan, Kapital bozorini rivojlantirish agentligining tugatilgani va Moliya vazirligiga uning vazifalari, funksiyalari va vakolatlari o‘tkazilgani munosabati bilan bir qator hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritilgan. Jumladan, «Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish bo‘yicha huquqiy eksperiment to‘g‘risida»gi farmonga, «Tadbirkorlik va innovasiyalar sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonga va O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi va alohida tarkibiy indikatorlardagi o‘rnini yaxshilash uchun mas’ul davlat organlari ro‘yxatiga o‘zgartirishlar kiritilgan.
Ikkinchidan, Moliya vazirligi va uning bo‘linmalarining ustuvor vazifalari va yo‘nalishlari ro‘yxati to‘ldirilgan. Xususan, «Moliya organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorga va Moliya vazirligi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritilgan. Jumladan, boshqalar qatorida, vazirlik va uning bo‘linmalari qimmatli qog‘ozlar bozori, bukmekerlik va lotereyalarni tashkil etish faoliyatini tartibga solish, shuningdek, korporativ boshqaruvni rivojlantirishni amalga oshiradi. Shuningdek, vazirlikning qimmatli qog‘ozlar bozori sohasida funksiyalari belgilangan.
Uchinchidan, alkogol mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar iste’mol etil spirtini Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi tomonidan taqsimlangan hajmlardan ortiqcha hajmda xarid qilgan taqdirda, agentlikni xabardor qilish tartibi chiqarib tashlangan.
Shuningdek, shu kabi o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar:
- O‘zbekistonni 2030 yilgacha innovasion rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlariga;
- Prezidentning 2020 yil 2 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to‘g‘risida»gi farmoniga;
- Prezidentning 2006 yil 7 noyabrdagi «Alkogolli mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori va boshqalarga kiritilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111400 | Инструменты