Mutaxassis: Bolalar serebral falaji – umrbod davolanishni talab qiladigan kasallik

Tahlillarga ko‘ra, hozir dunyo bo‘yicha bolalar serebral falajidan aziyat chekayotgan 17 million nafar bemor ro‘yxatga olingan. Ammo ushbu kasallik ko‘pincha kech bosqichda aniqlanishini inobatga olsak, real raqamlar yana-da yuqori bo‘lishi mumkin.

Xo‘sh, bu  qanday xastalik? Kelib chiqish omillari va yaqqol alomatlari qaysilar? Xastalikni to‘liq davolasa bo‘ladimi?

Mazkur savollarga Bolalar milliy tibbiyot markazi nevrologi Dilnoza Odilovadan javob oldik.

— Bolalar serebral falaji ona homiladorligi chog‘ida chaqaloq bosh miyasi yaxshi rivojlanmay, muddatidan oldin tug‘ilishi yoki jarohat olishi oqibatida kelib chiqadi, — deydi mutaxassis.

— Kasallik ruhiy-nutqiy buzilish yoki harakatning izdan chiqishi yoxud har ikki holat barobar kuzatilishi bilan namoyon bo‘ladi. Yaʼni tug‘uruqdan oldin yoki tug‘uruq jarayonida bolada kislorod tanqisligi yuzaga kelsa, uning miya hujayralari shikastlanishi mumkin.

Qolaversa, xastalikka ona homiladorligi davrida undagi yuqumli va endokrin kasalliklar ham sabab bo‘lishi aniqlangan.

Baʼzan mazkur patologiya simptomlarini chaqaloq dunyoga kelishi bilan payqasa bo‘ladi. Ayrim hollarda esa alomatlar sekin-asta namoyon bo‘ladi. Harakatlanish faolligining buzilishi — eng ko‘p uchraydigan yaqqol belgilar sirasidan.

Oqibatda shunday tashxis qo‘yilgan bolalar o‘tirish, emaklash, aylanish, yurish, boshini ushlash va boshqa xarakatlarni nisbatan kech o‘zlashtiradi.

Xastalikka chalingan har uch bolaning birida tomir tortishishi sindromi kuzatiladi. Ushbu alomat, ayniqsa, bola katta bo‘lgani sari tez-tez takrorlanadi.

Shu bilan birga, aql va nutq zaiflashishi holatlari ham qayd etiladi. Tashqi olamga moslasholmaslik, epilepsiya, ruhiy va emotsional rivojlanishning ortda qolishi, taʼlim olishdagi muammolar, oshqozon-ichak va peshob chiqarishdagi funksional buzilishlar ham bundan mustasno emas.                    

Shu sababli ota-onalar farzandi to‘rt oylik chog‘ida ovoz kelayotgan tomonga boshini burmasa, o‘yinchoqqa qo‘lini cho‘zmasa, yetti oyligida birovning yordamisiz o‘tira olmasa hamda bir yoshida so‘zlarni umuman ayta olmay, barcha harakatni faqat bitta qo‘lida bajarsa, albatta, nevrolog shifokorga murojaat qilishlari zarur.

Shuningdek, chaqaloqda tomir tortishishi, g‘ilaylik kuzatilishi, xatti-harakati o‘ta keskin yoki juda sekin bo‘lishi, bir yarim yoshdan o‘tib ham tik turolmasligi qo‘shimcha alomatlar hisoblanadi.

Bolalar serebral falajida davolanish umrbod davom etadi. Negaki, xastalikdan butunlay sog‘ayib ketishning iloji yo‘q. Lekin bu yakuniy hukm degani emas.

Aksariyat bemorlar yoshi ulg‘aygani sari normal hayot kechirishi mumkin. Buning uchun erta yoshda, o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar muhim ahamiyatga ega.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70813 | Инструменты