Kuz kelib, havo harorati asta-sekin pasayib bormoqda. Bu faslda ko‘pchilik, ayniqsa, bolalarda immunitet sustlashib, shamollash va mavsumiy virusli kasalliklarga chalinish xavfi ortadi.
Shu bois har bir ota-ona bu davrda farzandining gigiyena va salomatlik qoidalariga amal qilishi uchun eʼtiborli bo‘lishi zarur.
Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh pediatri Dilobar Hidoyatova bu borada o‘zining bir qancha tavsiyalarini berdi.
1. Qo‘l gigiyenasi – birinchi qadam.
Bolalar maktab va bog‘cha hamda jamoat transportida odamlar bilan doimiy aloqada bo‘ladi. Bu esa viruslarning oson tarqalishi uchun qulay sharoit yaratadi. Shu sababli:
- qo‘llarni ovqatdan oldin va keyin hamda hojatxonadan chiqqach, doimo sovunlab yuvish;
- o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI)ga chalingan bemorlar bilan yaqin muloqotni cheklash lozim.
2. Shamollaganda uyda qolish.
Kuzda gripp va O‘RVI kasalliklari havo-tomchi yo‘li orqali tez tarqaladi. Shu bois:
bolada shamollash belgilari kuzatilsa, uyda qolishi zarur. Chunki bunday holatda maktabga borish, kasallikning boshqalarga ham yuqishiga sabab bo‘ladi.
3. Kiyim-kechak havoga mos bo‘lishi kerak.
Kuz havosi o‘zgaruvchan. Bir kun issiq, bir kun esa salqin bo‘lishi mumkin. Shuning uchun:
mavsumga mos, yaʼni juda yengil ham, juda qalin ham kiyinmaslik;
nam ust-boshda yurmaslik va ularni tezda almashtirish lozim.
4. To‘g‘ri ovqatlanish va kuchli immunitet.
Har bir bola mustahkam immunitetga ega bo‘lishi uchun uning taomlanishiga alohida eʼtibor qaratish kerak. Jumladan:
ratsionda ko‘proq mevalar (olma, xurmo, anor), sabzavotlar (karam, lavlagi, brokkoli, baqlajon, sarimsoqpiyoz), ko‘katlar, sut va baliq mahsulotlari, tovuq go‘shti, tuxum, loviya, no‘xot kabi yeguliklar bo‘lishi;
sovuqqa qarshi damlama (zanjabil, limon, asal bilan) ichish;
turli shirinliklar, gazli va energetik ichimliklar, “chips” hamda “suxarik”larni isteʼmol qilmaslik zarur.
5. Uyqu va dam olish tartibiga rioya qilish.
Maktab yoshidagi bolalar har kuni 8–10 soat tiniqib uxlashi tavsiya etiladi. Chunki bunday hordiq immunitetni mustahkamlab, o‘qishda faol bo‘lishga yordam beradi. Shu bois:
bolalarning erta uyquga yotishi va uxlashdan avval telefon yoki planshet o‘ynamasligini nazorat qilish;
ularni har kuni bir vaqtda uxlab, bir paytda turishga odatlantirish lozim.
6. Shaxsiy gigiyenaga rioya qilish.
Bolalar har kuni:
yuz-qo‘llarini yuvishga odatlanishi;
tishlarni kunda 2 mahal (ertalab va kechqurun) tozalashi;
kiyimlarini tez-tez almashtirishi kerak.
Agar bolalar gigiyena va salomatlik qoidalariga qanchalik erta odatlansa, har tomonlama sog‘lom bo‘lib voyaga yetadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91317 | Инструменты