Huawei 1
Mutaxassis: Uy sharoitida tayyorlangan konservalar sog‘lik uchun xavfli

Qish fasli yaqinlashishi bilan mavsum uchun uy sharoitida tayyorlangan qo‘lbola konserva mahsulotlarini isteʼmol qilish boshlanadi. Biroq keyingi yillarda yurtimizda botulizm kasalligi kelib chiqishiga shunday mahsulotlar ham sabab bo‘layotgani sir emas.

Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Anvar Shukurov shu haqdagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

— Botulizm — oziq-ovqat mahsulotlaridan zaharlanishlar ichida eng og‘ir kechadigan xastaliklardan biri, — deydi mutaxassis.  —  Bu xastalik ko‘p hollarda uy sharoitida sanitariya qoida va meʼyorlariga rioya qilinmay tayyorlangan sabzavotli, asosan, bodring, pomidor, baqlajon va qo‘ziqorin konservalarini isteʼmol qilish natijasida kelib chiqmoqda.

Bunga sabab uy sharoitida yetarli bosimda termik ishlov berish imkoniyati mavjud emasligidir. Natijada esa botulizm qo‘zg‘atuvchi sporalar saqlanib qoladi va ular anaerob, yaʼni kislorodsiz muhitda rivojlanib, o‘ta kuchli — botulinotoksin zahrini hosil qiladi.

Botulizm qo‘zg‘atuvchilari tashqi muhitga o‘ta chidamli bo‘lib, 100°S darajada 6 soat, 120°S da esa 10 daqiqagacha tirik bo‘ladi.

O‘zida bunday zararli moddani saqlovchi konserva mahsulotlarini isteʼmol qilish natijasida turli salbiy oqibatlar, hatto, o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilmaganda o‘limga olib keluvchi eng og‘ir turdagi zaharlanish — botulizm kasalligi kelib chiqadi.

Xastalikning yashirin davri 2-4 soatdan 14 kungacha davom etishi mumkin. Botulizm mikrobining toksini asosan markaziy asab tizimiga taʼsir etadi va organizmda turli o‘zgarishlarga olib keladi.

Bu holatda ko‘pincha nafas olish qiyinlashishi, og‘iz-tomoqning qurishi, jismlar ko‘zga ikkita bo‘lib ko‘rinishi (diplopiya), ko‘z qovoqlari osilib qolishi (ptoz), yutinish qiyinlashishi hamda umumiy holsizlanish, ko‘ngil aynishi va qusish (ko‘pincha takrorlanadi), qorin sohasidagi og‘riq kabi belgilar namoyon bo‘ladi.

Bemorning so‘zlari tushunarsiz bo‘lib qoladi, bo‘yin va oyoq mushaklarining zaiflashishi natijasida yurishga qiynaladi.

Agar bu holatda xasta insonga zudlik bilan tez tibbiy yordam ko‘rsatilmasa va zarur davo muolajalari o‘tkazilmasa, uning nafaqat sog‘lig‘i, balki hayoti ham xavf ostida qolishi mumkin.

Shu sababli botulizmning oldini olishda quyidagilarga amal qilish lozim:

- uy sharoitida konservalarni tayyorlamaslik;

- bozor va aholi gavjum joylarda fuqarolar tomonidan sotilayotgan, nomaʼlum sharoitda tayyorlangan, sifati kafolatlanmagan konservalarni xarid qilmaslik;

- banka qopqog‘i ko‘tarilgan (bombaj), shuningdek rangida o‘zgarish bo‘lgan konservalarni isteʼmol qilmaslik;

- oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash sharoitlariga eʼtibor berish, savdo do‘konlaridan konservalarni xarid qilishda uning muddati, idishlarning butunligi, qopqoqlari shishmaganligi va xavfsizligini kafolatlovchi xujjatlariga eʼtibor berish;

- taom tayyorlashda tozalikka va shaxsiy gigiyena qoidalariga to‘liq rioya etish.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121301 | Инструменты