Huawei 1
Namangan viloyati hokimi va Kengash raisi tasdiqlandi

Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining yettinchi chaqiriq birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda 2024 yil 27 oktyabr kuni o‘tkazilgan saylov natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashiga saylangan deputatlar, siyosiy partiyalar hududiy bo‘limlari rahbarlari, viloyat hokimligi, boshqarma, yirik korxona va tashkilotlar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Dastavval, Namangan viloyati hududiy saylov komissiyasi raisi, Namangan davlat universiteti rektori, professor Sobitxon Turg‘unov ilk marotaba mojaritar va proporsional tartibda o‘tkazilgan saylov yakunlari to‘g‘risida axborot berdi. 

Qayd etilganidek, xalq deputatlari viloyat Kengashiga 55 ta saylov okrugi bo‘yicha saylangan deputatlarning 21 nafari Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi, 7 nafari O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan, 6 nafari O‘zbekiston Ekologik partiyasi, 14 nafari O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, 7 nafari O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasidan ko‘rsatilgan nomzodlar hissasiga to‘g‘ri keldi. Ular viloyat hududiy saylov komissiyasi qarori bilan ro‘yxatga olinib, xalq noiblariga deputatlik guvohnomasi va nishoni topshirildi. 

Sessiyada “22-Barkamol avlod” saylov okrugidan saylangan deputat – Respublika Ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali direktori Solijon Mo‘minov xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi raisi etib saylandi. Sessiyada viloyat Kengashiga saylangan deputatlarning partiya guruhlari ro‘yxatdan o‘tkazildi hamda Kengashning reglamenti va doimiy komissiyalar to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

Partiya guruhlari maslahatlashuvidan keyin Prezident taqdimnomasi asosida viloyat hokimi lavozimiga ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Shokirjonovich Abdurazzoqov Namangan viloyat hokimi lavozimiga bir ovozdan tasdiqlandi. 

Viloyat hokimligiga tasdiqlangan Shavkat Abdurazzoqov Namangan viloyatini 2025-2029 yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturini havola etdi. Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashining tashkiliy sessiyasida Prezident maslahatchisi G‘ofurjon Mirzayev ishtirok etdi va so‘zga chiqdi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122214 | Инструменты