Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
Yig‘ilishda tomorqa, ko‘chalar, dala chetlari va kanal-kollektorlar atrofidagi yerlarda oziq-ovqat va daromadli ekinlarni ekib, aktivga aylantirish masalalari muhokama qilinmoqda.
Davlatimiz rahbari shu paytgacha paxta va g‘alla yerlarining 260 ming gektari oziq-ovqat yetishtirish uchun ajratilgani, kecha yana 104 ming gektar ajratishga ruxsat berilganini taʼkidladi.
Oziq-ovqat eksporti o‘tgan yilga nisbatan 370 million dollarga (1,2 barobar) o‘sib, 2 milliard dollardan oshdi.
O‘zbekiston o‘rik eksporti bo‘yicha dunyoda 3-o‘ringa, gilos va shaftoli bo‘yicha 6-7-o‘ringa, mosh va boshqa dukkakli mahsulotlar bo‘yicha 10-o‘ringa chiqdi.
Birgina gilos 16 ta mamlakatga eksport qilinmoqda. Har hafta 3-4 tonna uzum AQSHga yetkazib berilmoqda.
Eksport Qoraqalpog‘iston va Jizzaxda 2,2 barobar, Xorazmda 1,8 barobar va Surxondaryoda 1,6 barobar ko‘paydi.
Ijobiy natijalar bilan birga, Prezident taʼkidlaganidek, ayrim viloyat, tuman hokimlari, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlar ishni to‘g‘ri tashkil qilmagani uchun mahsulot va eksport hajmida katta o‘zgarish sezilmayapti.
Yeri boshqalardan karra-karra ko‘p bo‘lgan Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlarida o‘sish ularning imkoniyati va sharoitiga mutlaqo mos emasligi qayd etildi. Buxoro va Sirdaryo viloyatlarining eksporti o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga yetmayapti.
Shuningdek, 64 ta tumanda eksport o‘tgan yilga nisbatan kamaygan bo‘lsa, shundan 17 tasida 50 foizga ham yetmagan.
Hokimlar bugun dunyodagi og‘ir vaziyatni hisobga olib, har kuni izlanib, yangi-yangi imkoniyatlar topib, ishga solishi shartligi haqida ogohlantirildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112820 | Инструменты