O‘zbekiston Inson taraqqiyoti indeksi reytingida nechinchi o'rinda ekanligi ma'lum qilindi
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi 2021-2022yillarga mo‘ljallangan Inson taraqqiyoti hisobotining navbatdagi nashrini e’lon qildi.
Hisobotda inson taraqqiyoti indeksi bo‘yicha mamlakatlar reytingi va so‘nggi yillardagi eng o‘tkir muammolar keltiriladi. Raqamli texnologiyalar, tengsizlik, nizolar va sog‘liqni saqlash tizimining COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish imkoniyatlari cheklanganligi bilan bog‘liq tahdidlar shular jumlasidandir.
Hisobotga ko‘ra, ushbu indeks aholining turmush darajasi va farovonligini ko‘rsatuvchi to‘rtta ko‘rsatkichga asoslanadi. Bular insonning umr ko‘rish davomiyligi, kutilayotgan va o‘rtacha ta’lim olish yillari hamda aholi jon boshiga yalpi milliy daromadning to‘g‘ri kelishi kabi ko‘rsatkichlardir.
O‘zbekiston Inson taraqqiyoti hisobotida 191 ta mamlakat orasida 0,727 indeks qiymati bilan 101-o‘rinni egalladi (maksimal indeks qiymati 1,000) va o‘z reytingini 2020-yildagi hisobotga nisbatan +5 pog‘onaga va indeks qiymatini +0,07 ga yaxshilashga erishdi.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin jahon mamlakatlari demokratiyasi indeksining 2021 yildagi reytingida O‘zbekiston o‘z pozitsiyasini 5 pog‘onaga yaxshilab, 150-o‘rinni egallagani haqida xabar bergan edik. Bundan tashqari O‘zbekiston "Tinchliksevarlik global indeksi"da 7 pog‘onaga yuqorilab, 163 davlat orasida 86-o‘rinni egallagan edi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 32702 | Инструменты