O‘zbekiston Nipah virusi sababli Hindistondan hayvon importini to‘xtatdi

O‘zbekiston Hindistondan tirik hayvonlar va hayvonot mahsulotlari importiga vaqtinchalik cheklov o‘rnatdi, deya xabar bermoqda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi.

Xalqaro hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish tashkiloti (WOAH) va ochiq manbalardagi maʼlumotlarga ko‘ra, Hindistonning G‘arbiy Bengaliya shtatida Nipah (Nipah) virusi bilan bog‘liq murakkab epidemiologik vaziyat yuzaga kelgan.

Virusning O‘zbekiston hududiga kirib kelishining oldini olish maqsadida 29 yanvardan boshlab quyidagi tartib o‘rnatildi:

  • Hindistonning barcha hududlaridan tirik hayvonlar va qushlarni olib kirish vaqtincha to‘xtatildi.

  • G‘arbiy Bengaliya shtatidan Davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi barcha turdagi tovarlar importiga (xalqaro tranzitdan tashqari) vaqtincha cheklov qo‘yildi.

Qarorga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, davlat chegaralari va transportdagi bosh davlat veterinariya inspektorlariga ushbu cheklovlar ijrosini qatʼiy nazorat qilish topshirildi.

Shu bilan birga, zarur hollarda davlat veterinariya xizmati tomonidan epizootik jihatdan sog‘lom hududlar bo‘yicha import masalasi alohida tartibda ko‘rib chiqilishi mumkinligi belgilandi.

Maʼlumot uchun, Nipah virusi — hayvonlardan odamlarga yuqadigan o‘ta xavfli virus bo‘lib, u og‘ir nafas yo‘llari kasalliklari va o‘limga olib keluvchi ensefalitni keltirib chiqarishi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 20520 | Инструменты