O‘zbekiston olimlari suv tozalovchi qurilma namunasini ishlab chiqdi

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti olimlari tomonidan biologik asosda olingan ko‘p qatlamli grafen yaratildi. Ushbu material asosida suvni tozalashga mo‘ljallangan Water-tol nomli filtr-press qurilmasining laboratoriya namunasi ishlab chiqildi. Bu haqda akademiya matbuot xizmati xabar qildi.

Akademiyaning qayd etishicha, so‘nggi yillarda grafen, uglerod nanotrubkalari, fullerenlar va grafen oksidi kabi uglerod asosidagi materiallar keng tadqiq etilmoqda. Ular yuqori mustahkamlik va o‘ziga xos fizik-kimyoviy xususiyatlarga ega bo‘lsa-da, ayrim hollarda ishlab chiqarish jarayonida zaharli moddalar qo‘llanilgani bois tibbiyotda foydalanish cheklangan.

Taʼkidlanishicha, Fanlar akademiyasi olimlari tomonidan yaratilgan ko‘p qatlamli grafen esa biologik jihatdan xavfsiz hisoblanadi. Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, ushbu nanokarbon materiali inson to‘qimalariga salbiy taʼsir ko‘rsatmaydi, yaralarning bitish jarayonini tezlashtiradi hamda bakteriya, virus va zamburug‘larga qarshi faollikka ega. Shuningdek, hujayra va to‘qimalarning tiklanishini rag‘batlantirishi aniqlangan.

Mutaxassislar ko‘p qatlamli grafenni biomos, yaʼni inson organizmi bilan mos keluvchi yangi avlod materiali sifatida baholamoqda. U tibbiyotda yaralarni davolash va antibakterial qoplamalar yaratishda, farmatsevtikada dori vositalarini yetkazib beruvchi tashuvchi sifatida, sanoatda esa mustahkam va chidamli materiallar ishlab chiqarishda qo‘llanilishi mumkin.

Bundan tashqari, mazkur material suv va havoni tozalash, zararli moddalar hamda radionuklidlarni yutib olishda yuqori samaradorlikka ega ekani qayd etilmoqda.

Olimlar taʼkidlashicha, ko‘p qatlamli grafen grafen oksididan farqli ravishda tarkibida kislorodli guruhlarni saqlamaydi. Shu bois u tibbiyot va ekologiya sohalari uchun xavfsiz bo‘lib, istiqbolli innovatsion materiallar qatoriga kiritilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11111 | Инструменты