Huawei 1
O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi bilan hamkorlikni chuqurlashtirmoqda

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri oʻrinbosari Iskandar Qutbiddinov Belgiyada boʻlib oʻtgan mintaqaviy forum doirasida Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (IUCN) bosh direktori G. Agilar, Ittifoqning Yevropa mintaqaviy ofisi direktori B. Erg hamda Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy ofisi direktori O. Avramoski bilan uchrashdi.

Ma'lumot uchun, Bryugge shahrida Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) Yevropa, Shimoliy va Markaziy Osiyo mintaqaviy forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Ekologiya vaziri o‘rinbosari I. Qutbiddinov boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi.

Uchrashuvda Oʻzbekistonning ittifoqqa qoʻshilganligi haqidagi iliq soʻzlar uchun minnatdorlik bildirildi. Shuningdek, G. Agilar xonim 2025-yilning toʻrtinchi choragida Oʻzbekistonda tashkil etilishi rejalashtirilgan Yoʻq boʻlib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi toʻgʻrisidagi (CITES) konvensiyasining 20-tomonlar konferensiyasiga taklif etildi.

Uchrashuv davomida IUCN bosh kotibi soʻnggi yillarda Oʻzbekiston tomonidan xalqaro ekologik maydonda olib borayotgan faol siyosat, yuqori darajada tashkil etilayotgan global sammitlar va yigʻilishlarni alohida eʼtirof etdi. Hususan, joriy yilning fevral oyida Samarqand shahrida tashkil etilgan Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlab qolishga doir konvensiyasining 14-tomonlar konferensiyasida  (CMS COP14) shaxsan ishtirok etib, mamlakatning ekologik va turistik salohiyatiga yuksak baho berganini taʼkidladi.

Oʻz navbatida IUCNning Oʻzbekiston va Markaziy Osiyoda faoliyatini yanada jadallashtirish, grant loyihalari samaradorligini oshirish, loyihalar toʻplamini kengaytirish hamda Global ekologik jamgʻarmasi va Yashil iqlim jamgʻarmasining qoʻshimcha grant mablagʻlarini jalb etish, jarayonni tezlashtirish maqsadida Toshkentda IUCN vakolatxonasini ochish masalasiga e'tibor qaratildi.

Shu bilan birga, qiymati 6,4 mln AQSH dollariga teng “Oʻzbekistonda qimmatbaho landshaftlarni muhofaza qilish va tiklashni kompleks boshqarish” grant loyihasi hamda qiymati 11 mln yevroga teng ““Markaziy Osiyoda landshaftlarning zoonoz kasalliklarining paydo boʻlishiga chidamliligini oshirish” mintaqaviy loyihasi muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida IUCN bilan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida Anglashuv memorandumi hamda “Oʻzbekistonda yerdan foydalanish va tanazzulga uchragan ekotizimlar va bioxilmaxillikni tiklash” loyihasini amalga oshirish uchun qiymati 1,1 mln AQSH dollariga teng grant bitimi imzolandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101022 | Инструменты