Huawei 1
O‘zbekistonda 2030-yilga kelib urbanizatsiya darajasi 60 foizga oshiriladi

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida urbanizatsiya darajasini 2030 yilga kelib 51 foizdan 60 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, ushbu strategiyada Samarqand va Namangan shaharlarini “millionlik shaharlar”ga aylantirish, aholisi 300 mingdan ko‘p bo‘lgan shahar va tumanlar sonini 28 taga yetkazish hamda barcha aholi punktlarining bosh rejalarini ishlab chiqish maqsadlari qo‘yilgan.

Ayni shu talablardan kelib chiqib, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan mamlakatda urbanizatsiya jarayonining rivojlanish tendensiyalari o‘rganildi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonda urbanizatsiya darajasining ortishiga aholi daromadlarining oshishi, oliy maʼlumotli kadrlarning ko‘payishi va uy-joylar qurilishi ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.

So‘nggi 10 yilda O‘zbekistonda shahar va qishloq aholisi soni 20,7 foizga teng surʼatda o‘sdi. Bu davrda urbanizatsiya darajasi 50-51 foiz orasida saqlanib, Toshkent shahri inobatga olinmasa, hududlarda urbanizatsiya darajasi 46-47 foiz atrofida bo‘ldi.

Toshkent shahrining jozibadorligi tufayli mehnatga layoqatli aholining ushbu shaharga ko‘chishi ortib bormoqda. Jumladan, Toshkentdagi doimiy aholining 64 foizi ishga layoqatli yoshdagi shaxslardan iborat bo‘lsa, hududlarda bu ko‘rsatkich 54 foizdan oshmaydi.

Tadqiqot xulosasida qayd etilganidek, yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratish, malakali kadrlar tayyorlash darajasini oshirish, ijtimoiy infratuzilmani takomillashtirish va ijtimoiy xizmatlar sifatini yaxshilash orqali urbanizatsiya darajasini oshirish mumkin. Bu omillar yashash sharoitlarini yaxshilashga va urbanizatsiya jarayonini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111501 | Инструменты