Vazirlar mahkamasining 31-yanvardagi qarori bilan bojxona to‘lovlarining yangi stavkalari tasdiqlandi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi xabar qilmoqda.
Hujjat O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni doirasida bojxona yig‘imlari stavkalarini JST qoidalari va talablariga muvofiqlashtirish maqsadida qabul qilingan.
Xususan, tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar miqdori bojxona organlarining harakatlari bilan bog‘liq xarajatlarning taxminiy qiymatidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Bundan tashqari, “eksport” va “import” bojxona rejimlarida tovarlarni rasmiylashtirish uchun olinadigan yig‘im stavkalari ham muvofiqlashtirildi.
Bojxona organlarining ish vaqtidan tashqari rasmiylashtiruvi uchun bojxona yig‘im miqdori 8 baravar — BHMning 2 baravaridan (750 ming so‘m) BHMning 25 foizigacha (93,75 ming so‘m) kamaytirildi.
Bojxona hududida va bojxona hududidan tashqarida bojxona qayta ishlash rejimlarida undiriladigan yig‘im stavkasi ikki baravar kamaytirildi.
Dastlabki deklaratsiyalash amalga oshirilganda undiriladigan yig‘imga 20% miqdorida chegirma taqdim etiladi.
Bojxona tranziti rejimi uchun BHMning 25% miqdorida yig‘im belgilandi.
Xalqaro kurerlik jo‘natmalarida 1 kg yuk uchun BHMning 2 foizi (7500 so‘m) miqdorida yig‘im joriy etiladi. Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda bir kalendar chorak davomida fuqarolar uchun 1000 AQSh dollari miqdoridagi kurerlik jo‘natmalari uchun boj olinmaydigan norma ishlaydi.
Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyevning ma’lum qilishicha, yangi yig‘im stavkalari tadbirkorlarga 700 milliard so‘mni tejash imkonini beradi.
Qaror rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20414 | Инструменты