O‘zbekistonda ta’lim oluvchilarga nisbatan zo‘ravonlikka moyilligi mavjud pedagog kadrlarni aniqlash va ularga psixologik yordam berish mexanizmlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan 2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida ko‘zda tutilgan.
Unda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga ta’lim jarayoni ishtirokchilarini psixologik qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish vazifasi qo‘yilgan.
2025-yil oktyabrigacha bulling, suisid, voyaga yetmaganlar jinoyatini oldini olish, oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha pedagog kadrlar uchun maxsus kurs va dasturlar ishlab chiqiladi.
O‘qituvchilarning kasbiy so‘nishining oldini olish, stresslarga bardoshlilik darajasini oshiruvchi simulyator va keyslar yaratish rejalashtirilmoqda.
Ushbu masalalar ijrosi uchun asosiy mas’ul etib Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi belgilandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11020 | Инструменты