Huawei 1
O‘zbekistonda elektromobillar importi kamayishiga nimalar ta’sir qilmoqda?

O‘zbekistonda elektromobillar importining kamayishiga yetkazib berishni tartibga solish va qat’iylashtirish choralari ta’sir qilmoqda. Bu haqda Markaziy bankning pul-kredit siyosati bo‘yicha sharhida keltirilgan.

2021-yilda xalqaro yetkazib berish zanjiridagi uzilishlar sababli O‘zbekistonda yengil avtomobil ishlab chiqarish hajmi 19,1% ga kamayib, 219 mingtani tashkil etgan.

Xalqaro logistikaning yaxshilanishi va iqtisodiyotning tiklanib borishi bilan esa ishlab chiqarish hajmi 2022-yilda 314,4 mingtaga (o‘sish — 43,3%), 2023-yilda 395,7 mingtaga (+25,9%) va 2024-yilda 399,2 mingtaga (+0,9%) yetdi.

Bu davrda avtomobillar uchun kechikkan talabning vujudga kelishi natijasida avtomobillar importi sezilarli darajada oshib bordi. 2022-yilda asosan, ichki yonuv divigatelli avtomobillar import qilingan bo‘lsa, 2023-yildan boshlab elektromobillarning jami importdagi ulushi o‘sdi.

Markaziy bankka ko‘ra, bu bir tomondan elektromobil uchun import bojlari yengillashtirilganligi va texnologiyalar rivojlanishi bilan ularning narxlari pasayib borayotgani, ikkinchi tomondan avtomobil yonilg‘ilarini yetkazib berishdagi uzilishlar va narxning yuqoriligi elektromobillarning jozibadorligini oshirib, ularga bo‘lgan talabning ortishi va ommaviylashishi bilan izohlanadi.

Biroq, so‘nggi vaqtlarda elektromobillar importining tartibga solinishi va qat’iylashtirilishi import hajmining sezilarli kamayishiga sabab bo‘lmoqda. Xususan, 2024-yilda import miqdori 2023-yilga solishtirganda 7,1% ga kamroqni tashkil etdi. Joriy yilning yanvar-mart oylarida esa import 69% ga qisqardi.

Shuningdek, O‘zbekistonda avtomobillar savdosida ikkilamchi bozorning ta’sir ko‘lami ham kengayib bormoqda. Shunga qaramay, o‘tgan yilda ikkilamchi bozordagi jami avtomobil oldi-sotdi bitimlari soni 2023-yilga nisbatan 32,9% ga kamayib, 810 mingtani tashkil etdi.

Bu davrda avtomobil sotish bo‘yicha e’lonlar soni ham avvalgi oylarga nisbatan pasaygan. Hududlar kesimida eng ko‘p e’lon Toshkent shahri va Toshkent viloyati hissasiga to‘g‘ri kelmoqda, bu esa poytaxt va uning atrofidagi avtomobil bozorlarining yuqori faolligini ko‘rsatadi.

“Mazkur holat avtomobil bozoridagi talabning pasayishi, aholining xarid qobiliyatida o‘zgarishlar yoki mavsumiy omillar bilan izohlanishi mumkin” — deya tushuntiradi regulyator.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82709 | Инструменты