Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda yangi "GAB Airlines" aviakompaniyasi tashkil etilgani va Airbus-320 va Airbus-330 havo kemalarida parvozlarni amalga oshirishi haqidagi xabarlar tarqaldi.
Mazkur xabarlar yuzasidan Fuqaro aviatsiyasi agentligi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, fuqaro aviatsiyasida havo kemalaridan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday faoliyatni amalga oshirish uchun, O‘zbekiston Respublikasi Havo kodeksi va Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida qonun talablariga muvofiq har qanday yuridik shaxs "O‘zaviatsiya" agentligidan belgilangan tartibda havo kemasi ekspluatanti sertifikatini olishi shart.
Faqatgina havo kemasi ekspluatanti sertifikatini olgandan keyingina aviakompaniya maqomini olish mumkin va havo kemalarida havo tashuvlarini amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi.
O‘zini "GAB Airlines"aviakompaniyasi deb atayotgan tashkilot bugungi kunga qadar "O‘zaviatsiya" agentligiga havo kemasi ekspluatanti sertifikatini olish uchun ariza va havo kemasini sotib olgani yoki ijaraga (lizingga) olgani haqidagi hujjatlarni taqdim etmagan.
"Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda "GAB Airlines" aviakompaniyasi tashkil etilgani haqida e’lon qilinayotgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi", - deyiladi xabarda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 12015 | Инструменты