Huawei 1
O‘zbekistonda har oyning bitta shanba va yakshanbasi “oila va mehnat jamoasi bilan sayohatga chiqish” kuni deb eʼlon qilinadi

Prezident raisligida hududlarning turizm salohiyatini yanada oshirish hamda xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘tgan yili Mo‘g‘uliston bilan turizm bo‘yicha katta kelishuvga erishilgani hisobiga sayyohlar 100-200 nafardan 4 mingga oshdi.

Ko‘rfaz davlatlarida doimiy sayohat qiladigan 3 million aholi bor. Lekin ularning ko‘pi Ozarbayjon, Gruziya, Albaniya, Xorvatiya kabi vizasiz rejim bo‘lgan mamlakatlarga borayapti.

"To‘g‘ri, bu davlatlarga 10 kunlik vizasiz rejim joriy qilingan. Lekin, bu muddat 30 kunga uzaytirilsa, sayyohlar 5-6 karra ko‘payadi. Bundan tashqari, Hindiston, Pokiston, Misr va Eronlik sayyohlarga viza berishni yengillashtirish mumkin", - dedi davlatimiz rahbari.

Rossiya va Xitoyning hududlari bilan manzilli ishlash yo‘lga qo‘yilgani uchun investitsiya va sayyohlar oqimi keskin oshdi. Endi bu tajribani kengaytirib, Yaponiya, Koreya va Yevropa davlatlari bilan ham tashkil qilish topshirildi.

Milliy turizm yagona platformasini ishga tushirishni tezlashtirish, unda chipta olish va elektron viza berish imkoniyatlarini yaratish vazifasi qo‘yildi.

Malayziya va Indoneziyadan “Umra plyus” dasturi orqali 100 ming ziyoratchini jalb qilish bo‘yicha ishlar boshlangan. Mutasaddilarga Kuala-Lumpur va Jakartadan Samarqand, Buxoro orqali Jidda shahriga reys qo‘yish bo‘yicha muzokaralarni jadallashtirish topshirildi.

So‘nggi yillarda ichki turizmga eʼtibor tufayli mahalliy sayyohlar soni 23 millionga yetdi (2017 yilda 5 millionta edi).

Lekin haligacha Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabzga bormagan oilalar ko‘p. Shu bois, har oyning bitta shanba va yakshanbasi – “oila va mehnat jamoasi bilan sayohatga chiqish” kuni, deb eʼlon qilinadi.

Yoshlar o‘rtasidagi musobaqa g‘oliblariga “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” yo‘llanmasini sovg‘a qilish yo‘lga qo‘yiladi.

Har yili ichki turizm targ‘ibotini kengaytirishga 20 milliard so‘m ajratiladi.

Mutasaddilarga ekstremal turizmni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish topshirildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 41811 | Инструменты