“Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumi doirasida 140 million tup ko‘chat ekiladi. Ko‘chat ekish tadbirlari 1-noyabrdan hududlar bo‘yicha bosqichma-bosqich boshlanadi. Shu bilan birga mahallalarda mikroo‘rmonlar va “Yashil lot” tizimi joriy etiladi
O‘zbekistonda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 2026-yil kuzgi mavsumida 140 million tup ko‘chat ekish rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, prezidentning 23-sentyabrdagi farmoniga muvofiq, joriy yil kuzidan ko‘chat ekish ishlari yangi yondashuvlar asosida tashkil etiladi. Bunda hududga mos ko‘chatlarni tanlash, ularni o‘z vaqtida sug‘orish va tizimli parvarishlashga asosiy e’tibor qaratiladi.
Ko‘chat ekish mavsumi hududlarda quyidagi sanalardan boshlanadi:
Ma’lum qilinishicha, kuz-qish oylarida namlik yetarli bo‘lishi ko‘chatlarning ko‘karuvchanligini oshirishi hisobga olinib, aynan kuzgi mavsumda 140 million tup ko‘chat ekish belgilangan. Shuningdek, joriy mavsumda 257 ta “Yashil bog‘lar” va “Yashil jamoat parklari” tashkil etiladi. 2030-yilga qadar ularning sonini 1 023 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 2030-yilgacha har bir tuman va shaharda uzunligi kamida 10 kilometr bo‘lgan beshtadan soyali sayr ko‘chasi tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. Ko‘chat ekish va parvarishlash ishlariga ko‘maklashish maqsadida 1-oktyabrdan boshlab 4 200 nafarga yaqin “o‘rmonchi murabbiy” respublikadagi 8 992 ta mahallaga biriktirilgan. Ular aholiga ko‘chat ekish, parvarishlash va mahalla buyurtmalarini shakllantirishda yordam beradi.
2027-yil 1-yanvardan mahallalar buyurtmasi asosida “Mahallani yashillashtirish” paketi joriy etiladi. Uning doirasida ko‘chat yetkazib berish, ularni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish, organik o‘g‘itlar hamda tejamkor sug‘orish vositalari bilan ta’minlash xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, joriy kuzdan yer maydoni cheklangan mahallalarda, ko‘p kvartirali uylar orasida, maktab va bog‘chalar hovlilarida mikroo‘rmonlar tashkil etiladi. Yer ajratish imkoniyati bo‘lmagan yoki asfalt va beton bilan qoplangan hududlarda esa kichik jamoat bog‘lari yaratiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 101813 | Инструменты