Toshkent xalqaro moda akademiyasi davlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi va Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi
Prezidentning joriy yil 16-oktabr kuni “Toshkent xalqaro moda akademiyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, Toshkent xalqaro moda akademiyasi davlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi va Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.
Akademiya Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutining Parij xalqaro moda akademiyasi bilan tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.
Bunda qo‘shma ta’lim dasturida tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini Akademiyada davom ettiradi va bitiruvchilarga Akademiyaning diplomi beriladi.
O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi, talabalarni o‘qishga qabul qilish amaldagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq umumiy belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Qo‘shma ta’lim dasturlari bilan bir qatorda o‘z ta’lim dasturlari asosida bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlashga ruxsat etiladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab korxona (tashkilot) buyurtmasi asosida to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida maqsadli kadr tayyorlashga qaratilgan dual ta’lim shakli joriy etiladi.
Davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar va xizmatlar uchun kiyim-bosh dizaynlarini Akademiya bazasida ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish yo‘lga qo‘yiladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab yengil sanoat sohasi uchun kadrlar tayyorlovchi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan va ballar o‘rtacha qiymati Akademiya tomonidan belgilangan ko‘rsatkichdan kam bo‘lmagan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan o‘qishni to‘lov-kontrakt asosida davom ettirishga ruxsat beriladi.
Akademiyaga jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar, ma’muriy xodimlar, ularning oila a’zolariga hamda Akademiyaga qabul qilinadigan xorijiy talabalarga Akademiyaning talabnomalariga muvofiq ko‘p martalik viza berilishi (muddati uzaytirilishi) hamda turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilishi (muddati uzaytirilishi) belgilangan tartibda ta’minlanadi.
Qaror bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar dasturida Akademiya talabalari uchun davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyini qurib, foydalanishga topshirish (2028 yil yakuniga qadar) nazarda tutilgan. Ungacha Institutdan Akademiyaga o‘qishi ko‘chirib o‘tkaziladigan talabalarga Institut talabalar turar joyidan belgilangan tartibda foydalanishga ruxsat beriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 101719 | Инструменты