Huawei 1
Oʻzbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga ta’sirini baholash dasturi ishga tushirildi

13-sentabr kuni Toshkentda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti tomonidan Oʻzbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda O’zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va qayta tiklashga ta’sirini baholash dasturi (FOLUR) boʻyicha kirish seminari tashkil etildi.

Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o’zgarishi vaziri o’rinbosari Jusipbek Kazbekov, BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabina Mahl, davlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, sohaning yetakchi ekspertlari va tegishli idoralar ishtirok etdi.

Seminarning asosiy maqsadi atrof-muhit va iqlim muammolarini hal qilish orqali O‘zbekistonda oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi sektorini takomillashtirishda “FOLUR”ning ustuvor yo‘nalishlariga e’tibor qaratishdir. 

“Loyiha hukumat darajasida qo‘llab-quvvatlanib, davlat rahbarining 2022-yil 10-iyundagi “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashishning samarali tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan Harakatlar rejasiga kiritilgan va Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpog’iston Respublikasi hududlarini qamrab oladi. Maqsad bug’doyga asoslangan, barqaror va inklyuziv ishlab chiqarish landshaftlari va qiymat zanjirlari uchun eng yaxshi amaliyot hamda innovatsiyalarni joriy etishdir. Shuningdek, loyiha yurtimizdagi ekotizimlarni, bioxilma-xillikni asrash, iqlim muammolarini yumshatishga xizmat qiladi”, - dedi Jusipbek Kazbekov.

“FOLUR” dasturi yerdan samarali foydalanish texnologiyalari va tabiatni muhofaza qilish yondashuvlarini keng joriy etish, shuningdek, ekotizim degradatsiyasidan ko‘p foyda keltiradigan barqaror boshqaruvga o‘tishni samarali amalga oshirishga qaratilgan. 

“Bu loyiha O‘zbekistonning yer degradatsiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarimizning boshlanishini anglatadi, - dedi Sabina Mahl. - Ishonchim komilki, FOLURni muvaffaqiyatli amalga oshirish orqali birgalikda degradatsiyaga uchragan tuproq va qishloq xoʻjaligi yerlari bilan bogʻliq muammolarga qarshi tura olamiz, barqaror qishloq xoʻjaligi va odamlarning hayot sifatini yaxshilash uchun poydevor qoʻyamiz. Men barchani ish rejasini ishlab chiqishda faol ishtirok etishga chaqiraman, chunki har biringizning qo‘shgan hissangiz ushbu muhim tashabbusning muvaffaqiyatini ta’minlashda muhim omil bo‘ladi”.

Loyihaning ishga tushirilishi Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) muvofiq barqaror qishloq xoʻjaligi va atrof-muhitni muhofaza qilish yoʻlidagi muhim qadamdir. Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi sektoridagi past mahsuldorlik bilan birga oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabning ortishi natijasida yerdan foydalanish global ko‘lamda 80 foiz o‘rmonlarning kesilishi, chuchuk suvning 70 foizidan foydalanishga, landshaft degradatsiyasi va biologik xilma-xillikning yo‘qolishiga sabab bo‘luvchi asosiy omil bo‘lib qolmoqda. Tabiatga yetkazilayotgan zararning 30 foizi esa issiqxonalardan ajralib chiqadigan zararli gazlarga to‘g‘ri keladi. Bu muammolar oziq-ovqat xavfsizligi, ovqatlanish, kambag‘allikni qisqartirish va kengroq ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga tahdid solmoqda. O‘zbekistonning keskin kontinental iqlimi, issiq va quruq yoz sharoitlari hamda o‘zgaruvchan havo harorati tufayli qishloq xo‘jaligida o‘ziga xos muammolarga uchramoqda. Tuproq tarkibida organik moddalarning kamligi bilan ajralib turuvchi cho‘l tuproqlari qishloq xo‘jaligining hosildorligini cheklaydi. 

“Loyiha bug‘doy ishlab-chiqarish landshaftlarida hosildorlikni oshirish bilan birga ekotizimlarga va bioxilma-xillikka salbiy ta’sirni kamaytirish hamda ishlab chiqarish qiymat zanjirini oshirishdan iborat. Ushbu loyiha Qoraqalpog’iston Respublikasi, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarining 6 ta tumanida amalga oshiriladi. Loyiha doirasida Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) bilan hamkorlikda qo‘riqxonalarni yangi zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta’minlash orqali yon-atrofdagi qishloq aholisi tomonidan ularga bo’layotgan salbiy ta’sirlar kamaytiriladi.

So‘nggi yillarda respublikamizda tez-tez uchrayotgan chang-bo‘ronlar manbasini aniqlash va ularga qarshi kurash chora-tadbirlarini ishlab  chiqish ham loyiha maqsadlaridan biridir”, - deya ta’kidladi "FOLUR" loyihasi milliy koordinatori Aziz Nurbekov.

FOLUR loyihasi doirasida umumiy maydoni 50 ming gektar bo‘lgan hududlar ekologik jihatdan tiklanadi, yana 50 ming gektar hududda biologik xilma-xillikni boshqarishning takomillashtirilgan usullariga o‘tiladi. Umuman olganda, loyiha yurtimizda ekologik holatni yaxshilashga xizmat qiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91814 | Инструменты