O‘zbekistonda paxta mavsumida ilk bor 1700 ga yaqin paxta terish mashinalari ishtirok etishi kutilmoqda. Bu haqda “O‘zagroinspeksiya” xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yil paxta yig‘im-terim ishlarida respublika bo‘yicha jami 1 690 dona, shundan 609 dona 2024-yilda yangi lizing asosida xarid qilinadigan paxta terish mashinalari qatnashishi rejalashtirilgan.
Jumladan, rusumlar kesimida 215 dona CASE, 286 dona John Deyere, 230 dona MX-1.8, 449 dona TZST CE220, 473 dona Boshiran va 37 dona boshqa rusumli paxta terish mashinalari tashkil etadi.
Paxta terish mashinalarining 1 423 donasi yoki 84 foizi yuqori unumli texnikalar hisoblanadi. Ayniqsa paxta maydoni mashina terimi uchun agrotexnik talablar darajasida to‘g‘ri tayyorlangan bo‘lsa, ushbu yangi avlod paxta terish mashinasining har birini ish unumdorligi kuniga 50 tonnagacha bo‘lib, 800-1000 nafar terimchi o‘rnini bosa oladi.
Bu yil ilk bora imtiyozli lizing shartlari asosida 600 dan ortiq yuqori unumli paxta terish mashinalarini joylardagi fermer xo‘jaliklari va klasterlarga yetkazib berilishi kutilmoqda.
Mavsumda qatnashadigan mashinalarning asosiy qismi quyidagi hududlarga to‘g‘ri kelmoqda. Jumladan, 2024-yilda paxta hosili Jizzaxda 406 dona, Qashqadaryoda 281 dona, Sirdaryoda 201 dona, Toshkentda 184 dona va Namanganda 108 dona yuqori unumli paxta terish mashinalari orqali terib olinadi.
Paxta hosilini sotib olish va sotishning yangi tizimi shaffof, to‘laqonli va adolatli ishlashini ta’minlash, paxta xomashyosi yetishtiruvchilarning manfaatdorligini oshirish bo‘yicha Respublika shtabining taklifiga ko‘ra, qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining kredit resurslari hisobidan paxta-to‘qimachilik klasterlari va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan korxonalarga fyuchers shartnomalari bo‘yicha ortiqcha yetishtirilgan paxta xomashyosini yig‘ib olish uchun kreditlar ajratiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122121 | Инструменты