O‘zbekistonda sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi bo‘yicha talablarni buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi

“Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida davlat nazoratini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisi va uning o‘rinbosarlari zimmasiga 2025-yilda bir qator vazifalar yuklandi.

Jumladan:

- sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi hamda istirohat bog‘lari attraksionlaridan foydalanishdagi xavfsizlik talablarini qayta ko‘rib chiqish;

- radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasidagi xalqaro standartlar va talablarni milliy qonunchilikka joriy etish;

- sanoat xavfsizligini ta’minlashda masofadan nazorat qilish mexanizmini joriy etish;

- sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish.

Tog‘-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasining metallurgiya tarmog‘ida xavfsizlikni nazorat qilish funksiyasi qo‘mitaga o‘tkaziladi. Inspeksiya tuzilmasidagi Bekobod kon-texnika inspeksiyasi tugatiladi.

Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tuzilmasida quyidagilar tashkil etiladi:

- Navoiy sanoat xavfsizligi inspeksiyasi;

- Olmaliq sanoat xavfsizligi inspeksiyasi;

- Bekobod sanoat xavfsizligi inspeksiyasi;

- Temiryo‘l sanoat xavfsizligi inspeksiyasi.

Sanoat xavfsizligi sohasini to‘liq raqamlashtirish maqsadida qo‘mita 2025-yil yakunigacha “Yagona integratsiyalashgan ekotizim” axborot tizimini ishga tushiradi va boshqa vazirlik va idoralarning axborot tizimlari va resurslari bilan integratsiya qilinadi.

2025-yil 1-iyuldan sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasidagi belgilangan huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga jarima qo‘llash tartibi joriy etiladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61305 | Инструменты