Huawei 1
O‘zbekistonda xorijiy davlat siyosiy partiyalari faoliyati taqiqlandi

O‘zbekiston hududida xorijiy davlatning siyosiy partiyalari, ularning bo‘linmalarini tashkil etish va faoliyat olib borishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-iyul kuni imzolagan qonun bilan “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi qonunga tegishli qo‘shimcha kiritildi.

Unga ko‘ra, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi qonunga siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag‘larining yillik hajmini ko‘paytirishni, shuningdek, Qonunchilik palatasiga oxirgi saylov natijalariga asosan davlat mablag‘larini olish huquqiga ega bo‘ladigan siyosiy partiyalar o‘rtasida ushbu mablag‘larning taqsimlash tartibini o‘zgartirishni nazarda tutuvchi bandlar kiritilmoqda.

Endilikda siyosiy partiyalarning ustavda nazarda tutilgan faoliyatini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag‘larining yillik hajmi shu mablag‘larni ajratish mo‘ljallanayotgan yildan oldingi yilning 1-sentyabridagi holatga ko‘ra belgilangan BHMning 2,5 foizini Qonunchilik palatasiga o‘tkazilgan oxirgi saylovda saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolar soniga ko‘paytmasi miqdorida shakllantiriladi. Amalda bu miqdor 2 foiz edi.

Byudjetdan ajratilgan pulni Adliya vazirligi quyidagi tartibda taqsimlaydi:

— 40 foizi siyosiy partiyalar o‘rtasida teng miqdorda;

— 60 foizi siyosiy partiyalar o‘rtasida Qonunchilik palatasida olgan deputatlik o‘rinlariga mutanosib ravishda.

Qonunchilik palatasi deputatlarining soni o‘zgarsa davlat mablag‘lari qayta taqsimlanmaydi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 5 ta siyosiy partiya ro‘yxatga olingan: O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial demokratik partiyasi, O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61307 | Инструменты