Huawei 1
Yaqin Sharq xavfli hududga aylanishi mumkin

Yaqin Sharq xavfli hududga aylanishi mumkin, shu bois AQSH ayrim xodimlarini bu mintaqadan ko‘chiradi. Bu haqda kecha, 11 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp bayonot berdi.

“Reuters”ga ko‘ra, AQSH Iroqdagi elchixonasidan xodimlarining bir qismini evakuatsiya qilishga tayyorlanmoqda, shuningdek, mintaqadagi harbiy bazalarda joylashgan harbiy xizmatchilar oilalari uchun ixtiyoriy ketishga ruxsat beriladi. Bu qaror mintaqadagi xavfsizlik tahdidlarining ortgani bilan izohlangan, ammo ushbu tahdidlarning aynan nimalardan iborat ekani aniq aytilmagan.

Ushbu evakuatsiya xabarlari fonida neft narxi 4 foizdan ortiqqa ko‘tarildi.

AQSH Davlat departamenti Bahrayn va Quvaytdan ixtiyoriy ketishga ruxsat bergan. Departament kecha, 11 iyun kuni kechqurun o‘zining xalqaro sayohat bo‘yicha ogohlantiruvini yangilab, tegishli bayonot berdi.

“11 iyun kuni mintaqadagi keskinlik kuchaygani sababli, Davlat departamenti favqulodda bo‘lmagan AQSH hukumat xodimlarini evakuatsiya qilishni buyurdi”, deyiladi bayonotda.

Shuningdek, Donald Tramp ham bu qaror yuzasidan izoh berdi.

“Ularni olib chiqyapmiz, chunki bu xavfli joy bo‘lishi mumkin. Nimalar bo‘lishini kutamiz. Biz harakatni boshlash haqida ogohlantirish berdik”, deydi u.

Trampdan mintaqadagi vaziyatni qanday yumshatish mumkinligi haqida so‘rashganda, u shunday javob berdi: “Ular yadroviy qurolga ega bo‘lishi mumkin emas. Juda oddiy – ular bunga ega bo‘la olmaydi”.

AQSH Prezidenti avval ham Eron bilan yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar muvaffaqiyatsiz bo‘lsa, bu mamlakatga zarba berilishi mumkinligini bir necha bor aytgan. 11 iyun kuni bergan intervyusida esa u Eron uranni boyitishni to‘xtatishga rozi bo‘lishiga tobora kam ishonayotganini bildirgan.

Eron Mudofaa vaziri Aziz Nosirzoda ham AQSHning harakatlariga javob berishga tayyor ekanini aytdi.

“Agar Eron hujumga uchrasa, mintaqadagi AQSH bazalariga javob zarbalari beriladi”, dedi u.

Shuningdek, Eron armiyasi rasmiylari AQSHning hujumi ularning o‘zlariga ko‘proq zarar berishidan ogohlantirgan.

Shunga qaramay, AQSHning Quvaytdagi elchixonasi diplomatik vakolatxona tarkibida o‘zgarish bo‘lmaganini, u to‘liq faoliyat yuritayotganini ma’lum qildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61321 | Инструменты