Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi tomonidan O‘zbekistonda qurilishi rejalashtirilgan atom elektr stansiyasi (AES) loyihasi qayta formatlandi. Endi mamlakatda har biri ikki reaktordan iborat bittadan kichik va katta AES qurilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu haqda Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida bo‘lib o‘tgan Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo hajmini oshirish bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishidan so‘ng ma’lum qildi.
Tadbirda Rossiya iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov va O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ishtirok etgan.
“O‘tgan yili kichik quvvatli AES qurilishi boshlangan edi. Joriy yilda esa ikki davlat rahbarlari ushbu loyihani qayta ko‘rib chiqib, natijada kattaroq quvvatli ikki reaktordan iborat stansiya va kichik quvvatli ikki reaktordan iborat stansiya qurishga kelishib oldi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, joriy yil aprel oxirida “Rosatom” rahbari Aleksey Lixachyov jurnalistlarga bergan intervyusida O‘zbekistonda kichik AES qurilishi doirasida yaqin bir yil ichida beton quyilishini kutayotganlarini aytgan. U, shuningdek, O‘zbekistonda katta AES qurilishi bo‘yicha ham kompaniya tayyor takliflar ishlab chiqqanini bildirgan. Bu takliflar orasida moliya modeli, tashkiliy masalalar va maksimal mahalliylashtirishga doir variantlar mavjud.
O‘zbekistonda qurilishi rejalashtirilgan kichik AES – bu “Rosatom”ning xorijdagi ilk eksport loyihasi hisoblanadi. Loyiha bo‘yicha ikki davlat o‘tgan yilning bahorida kelishuvga erishgan, kuzda esa texnik hujjatlarni ishlab chiqish va loyiha ishlarini boshlash to‘g‘risida protokol imzolangan edi.
Avvalgi rejalarga ko‘ra, har birining quvvati 55 MVt bo‘lgan olti reaktor qurilishi kerak edi. Qurilish ishlari joriy yil yozida boshlanishi, AESning bosqichma-bosqich ishga tushirilishi esa 2029-2033 yillar oralig‘ida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
“Rosatom” rahbarining ilgariroq bergan bayonotlarida bildirishicha, loyihani moliyalashtirishni O‘zbekiston tomoni zimmasiga oladi, Rossiya krediti esa hozircha ko‘rib chiqilmayapti.
Alpha version: 0.9.1.19 build 61321 | Инструменты