Pensiya jamg‘armasi O‘zbekistonda yuqori miqdorda pensiyaga chiqish uchun nimalarga ahamiyat berish kerakligi haqida tavsiyalar berdi.
Pensiya yoshiga yetib, ko‘p yillik mehnati samarasini ko‘rish, keksalik gashtini surish barchaning hayotdagi maqsadi hisoblanadi. Shu sababli barcha yoshlik paytda o‘zining kelgusidagi pensiyasi haqida qayg‘urishi, bu davrga oldindan tayyorgarlik ko‘rishi lozim ekani qayd etilgan.
Kimlarga pensiya tayinlanadi?
Yoshga doir to‘liq pensiya olish uchun erkaklarga 60 yoshga to‘lganda 25 yil ish staji, ayollarga 55 yoshda 20 yil ish stajiga ega bo‘lganda tayinlanadi. Ushbu talab etilganga nisbatan kamroq (kamida 7 yil) ish stajiga ega bo‘lganlarga to‘liqsiz pensiya tayinlanadi, yaʼni pensiya kamroq hisoblanadi.
Ish stajiga nimalar kiradi?
Pensiya tayinlashda ish stajiga rasmiy ishlab, ish haqi hisoblangan davrlar, yakka tartibdagi tadbirkor, o‘zini o‘zi band yoki xorijda ishlagan shaxs sifatida Pensiya jamg‘armasiga ijtimoiy soliq to‘langan davrlar ish stajiga hisoblanadi.
Maʼlumot uchun: ayol kishi rasmiy ishlab, ish haqi hisoblangan va yakka tartibdagi tadbirkor, o‘zini-o‘zi band yoki xorijda ishlagan shaxs sifatida ijtimoiy soliq to‘langan davrlari jami 20 yil bo‘lganda 54 yoshdan yoshga doir pensiyaga chiqish imtiyozi mavjud.
Bunda, yuqoridagi davrlar uchun kamida 7 yil ish stajiga ega bo‘lganda fuqaroning harbiy xizmat, oliy o‘quv yurtidagi kunduzgi o‘qish hamda bola parvarishi uchun taʼtilda bo‘lgan (har bir bola uchun 3 yil, jami 6 yilgacha) davrlar ham umumiy ish stajiga qo‘shiladi.
Pensiyaga tayyorgarlik qanday amalga oshiriladi?
Pensiya fuqaroning fuqaroning rasmiy ishlagan davri va soliq to‘langan ish haqi (daromadi) inobatga olinadi. Yaʼni fuqaro rasmiy ishlab, rasmiy daromad olgan sari yilma-yil pensiyaga huquqi shakllanib boradi.
Demak, har bir fuqaro ish faoliyati va daromadini rasmiylashtirish orqali pensiyaga tayyorgarlik ko‘rib boradi.
Barcha pensiya yoshiga yaqinlashib qolamiz va endi pensiya haqida o‘ylashni boshlaydi. “Endi menga qancha pensiya chiqar ekan?”, “Yuqori miqdorda pensiya olarmikinman?” kabi savollar kuzatiladi. Pensiya tayinlangandan so‘ng esa ko‘pchilik fuqarolarda “Nega menga kam miqdorda pensiya tayinlandi?”, “Meni hisobim bo‘yicha ko‘proq pensiya olishim kerak edi?” kabi savollar tug‘iladi.
Mana shunday savollar fuqarolarda bo‘lmasligi, yuqori miqdorda pensiyaga chiqish uchun pensiya yoshiga yaqin qolgan fuqarolar, shuningdek, yoshlarga quyidagi tavsiyalar berildi:
Birinchidan, mehnat faoliyatingiz rasmiy shaklda ketayotganligiga, ishlayotgan tashkilotingizda sizga ish staji yozib borilayotganligiga ishonch hosil qiling. Buni o‘zingiz mustaqil ravishda my.gov.uz portali orqali tekshirib olsangiz ham bo‘ladi.
Ikkinchidan, o‘z ish beruvchingizdan ish stajlaringiz to‘g‘risidagi maʼlumotlarini raqamlashtirishni talab qiling.
Uchinchidan, tashkilotingiz tomonidan sizga rasmiy shaklda ish haqi to‘lanayotganiga eʼtibor bering. Bunda, sizga hisoblangan ish haqi, haqiqatan qo‘lingizga oladigan ish haqingiz, ushlab qolinayotgan daromad soliqlari, jamg‘arib borilayotgan pensiya uchun o‘tkazilayotgan mablag‘lar va boshqalarni doimiy ravishda tekshirib boring.
To‘rtinchidan, agarda siz norasmiy shaklda faoliyat yuritayotgan bo‘lsangiz, o‘z-o‘zini band qilgan holda ro‘yxatdan o‘tib, Pensiya jamg‘armasiga belgilangan tartibda ijtimoiy soliq to‘lab boring. Bu orqali siz ish stajingizni ko‘paytirib borasiz.
Beshinchidan, pensiya qonunchiligiga oid yangiliklar, maʼlumotlar bilan muntazam ravishda tanishib boring, kiritilayotgan o‘zgarish va qo‘shimchalardan xabardor bo‘ling.
Oltinchidan, hozirda mehnat faoliyati yuritmayotgan bo‘lsangiz, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limlariga mehnat daftarchangizdagi maʼlumotlarini raqamlashtirishni so‘rab murojaat qilishingiz lozim. Bunda, raqamlashtirilgan maʼlumotlaringizni my.gov.uz portalida ko‘rishingiz mumkin.
Yuqoridagi tavsiyalar asosida mehnat faoliyati olib borilsa, pensiya yoshiga yetganda pensiya taʼminoti kafolatlanishi aytilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 31519 | Инструменты