O‘zbekistonlik hamshiralar AQShda ham ishlashi mumkin bo‘ladi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik direktori o‘rinbosari Azimjon Husanov bilan New Future Success Academy xalqaro hamshiralarni tayyorlash o‘quv markazining O‘zbekistondagi boshqaruvchi menejeri Fozilbek Xonxo‘jayev o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.
Tomonlar Amerika standartlari bo‘yicha hamshiralarni test sinovlariga tayyorlash markazini mamlakat hududida ochish va imtihon markazini tashkil qilish masalasini muhokama qildi. Ushbu markaz MDH va qo‘shni davlatlardagi yagona markaz bo‘lishi qayd etildi.
Loyiha natijasida, imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarni AQShda bandligini ta’minlash mumkin bo‘ladi. Agentlikning qayd etishicha, 2030-yilgacha Qo‘shma Shtatlarda 1 mlndan ortiq hamshiralarga talab mavjud. Oliy malakali hamshiralarga yiliga 44 mingta qonuniy ishchi vizasi ajratiladi.
Uchrashuv yakunida New Future Success Academy kompaniyasi va Migratsiya agentligi o‘rtasida memorandum imzolandi. Hujjat tibbiyot sohasida nomzodlarni tayyorlashni nazarda tutadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 32316 | Инструменты