O‘zbekistonlik olimlar tomonidan achchiq qalampirning yangi navi yaratildi
O'zbekistonda soha bo‘yicha yetakchi hisoblangan Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti seleksioner olimlarining ko‘p yillik samarali izlanishlari natijasida O‘zbekistonda ilk bor achchiq qalampirning issiqxonada yetishtirishga va mahalliy tuproq iqlim sharoitiga mos "Sharq gavhari" navi ixtiro qilindi. Qalampirning ushbu navi q.x.f.d. Nurbek Xushvaqtov va q.x.f.d. Rustam Nizomovlar tomonidan yaratildi.
Achchiq qalampirning yangi navi mamlakatimizda issiqxonada yetishtirishga moslashtirilgan ilk mahalliy nav hisoblanadi.
Ushbu nav o‘rtapishar bo‘lib, uning vegetatsiya davri 123-125 kunni tashkil etadi.
"Sharq gavhari"ning ko‘rinishi boshqa qalampirlardan deyarli farq qilmaydi. Uning tupi yarim yig‘iq, shtambli, o‘rtacha barglanuvchan, baland bo‘ylidir. Mevasi konussimon ko‘rinishda, o‘rtacha hajmda, yuzasi tekis, texnik yetilganda yashil, biologik yetilganda qizil bo‘ladi. Etining qalinligi 1,6-2,0 mm, taʼmi esa achchiq. Bir tupdan 45-50 ta meva olinadi.
Ushbu qalampirning hosildorligi gektariga 24-25,5 tonnaga teng.
"Sharq gavhari" navi unumdor tuproqqa talabchan, virusli kasalliklarga chidamli hisoblanadi. Eng muhimi, uni issiqxonada yilning istalgan muddatida ekib yetishtirish va iste’mol qilish mumkin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21219 | Инструменты