Huawei 1
O‘zbekistonning 6 mln aholisi ijtimoiy himoyaga muhtojligi aytildi

O‘zbekistonda so‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra,  5-6 million atrofida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi bor. Ammo sanoq hali tugamagan. Bu haqda Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Axborot xizmati rahbari Dilfuza Ro‘zmetova  ma’lum qildi.

Uning aytishicha, bir kunning o‘zida Ro‘zmetovaning o‘ziga 10-15 nafar odam yordam so‘rab murojaat qiladi. Shuning o‘zi ham mamlakatning ijtimoiy ahvoli yomon qatlami soni ko‘pligini ko‘rsatadi.

“Sanoq hali o‘z yakuniga yetgani yo‘q. Bugungacha aniqlangan ijtimoiy himoyaga muhtojlarning 1 mln 100 nafari kam ta’minlangan oila, 1 mln 176 nafari nogironligi bor shaxslar va 18 mingdan ortig‘i o‘zgalar parvarishiga muhtoj, yolg‘iz keksalardir”, dedi u.

Ro‘zmetovaning qo‘shimcha qilishicha, avvallari tizim tarqoq bo‘lgan, ya’ni soha bilan 6 ta vazirlik shug‘ullangan. Shu sababli ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi haqida qaysidir ma’lumotlar yetarli bo‘lmagan. 

“Hozirda ular haqida maxsus bir platforma yaratilyaptiki, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarning alohida reyestri yuritilmoqda. Hamma viloyatlarimizda ijtimoiy xodimlarimiz mavjud. Biz ular orqali uyma-uy yurib aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj yoki muhtoj emasligini aniqlaymiz. Bunda nogironligi bo‘lgan shaxs, ahvoli og‘ir yoki yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotgan bolalar yoki qamoq jazosini o‘tagan shaxslar kabi 10 dan oshiq toifalarimiz bor”, dedi u.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 92423 | Инструменты