Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Atrof-muhit bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilish jarayonida jamoatchilikning axborot olish imkoniyati, ishtiroki va odil sudlovga erishish imkoniyati to‘g‘risidagi konvensiyaga (Orxus, 1998-yil 25-iyun) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, Konvensiya 1998-yil 25-iyun kuni Orxus shahrida (Daniya) Yevropa Iqtisodiy Komissiyasiga a’zo mamlakatlar atrof-muxit vazirlarining 4-konferensiyasida 38 ta davlat tomonidan imzolangan. Bugungi kunda mazkur Konvensiyaga qo‘shilgan davlatlar soni 46 taga yetdi.
Konvensiyaning maqsadi — inson salomatligi va farovonligi uchun qulay muxit, axborotdan foydalanish, qaror qabul qilish jarayonida jamoatchilik ishtiroki va atrof-muxit bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha odil sudlovdan foydalanish bo‘yicha inson huquqlarini ximoya qilishni qo‘llab-quvvatlashdir. Konvensiyaga qo‘shilgan har bir mamlakatga uning qoidalarini amalga oshirish uchun aniq, shaffof va muvofiqlashtirilgan tuzilmani yaratish hamda qo‘llab-quvvatlash uchun zarur qonunchilik va tartibga solish choralarini ko‘rish majburiyati yuklatiladi.
Qayd etilganidek, O‘zbekistonda bu borada qonunchilik asoslari yaratilgan. Konvensiya qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi, “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi va “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunlarda o‘z ifodasini topgan.
Deputatlarning ta’kidlashicha, mazkur qonun loyihasi fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan ekologik huquqlarini ta’minlashga, atrof-muhit bilan bog‘liq masalalarda jamoatchilikning ishtirokini yanada kafolatlashga, O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilgacha Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi ijrosini ta’minlashga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121216 | Инструменты