Huawei 1
The Telegraph: Saudiya Arabistoni Ukrainadagi urushni tugatishi mumkin

Saudiya Arabistoni Ukrainadagi urushni tugatishi mumkin, prezident Vladimir Putin rejimining qulashi esa o‘ylagandan ko‘ra yaqinroq. Bu haqda The Telegraph xabar bermoqda.

Xabarga ko‘ra, Rossiyadagi iqtisodiy vaziyat tobora Germaniyaning Birinchi jahon urushi oxiridagi holatiga o‘xshab bormoqda — haddan tashqari qizigan iqtisodiyot, tugab borayotgan resurslar va malakali ishchi kuchi yetishmovchiligi. Rossiya harbiy kuchlari xuddi 1917-yildagi nemis qo‘shinlari kabi uch yillik sanksiyalar bosimidan so‘ng doimiy ravishda kadrlar va uskunalar tanqisligidan aziyat chekmoqda. Bunga ta’sir qiluvchi quyidagi omillar ham mavjud.

Suriyadagi geosiyosiy mag‘lubiyat

Bashar Asad rejimining qulashi Rossiyaning Yaqin Sharqdagi pozitsiyalariga strategik zarba bo‘ldi. Moskva mintaqadagi asosiy ittifoqchisini qutqara olmadi, bu esa Vladimir Putinga bo‘lgan ishonchni susaytirdi. Damashqning qo‘ldan ketishi Rossiyaning Tartus va Xmeymimdagi harbiy bazalarini xavf ostiga qo‘ydi.

Turkiya vaziyatdan tezda foydalandi. Anqara mintaqani nazorat qiladi va Suriyadagi rus generallarining taqdiri endi Turkiya rahbariyatiga bog‘liq. Agar Putinga Tartusdagi harbiy-dengiz bazasini saqlab qolish nasib qilsa ham, bu Turkiya shartlari asosida amalga oshadi.

Iqtisodiy izolyatsiya

Rossiya iqtisodiyoti kapital va inson resurslarining keng ko‘lamli chiqib ketishini boshdan kechirmoqda. Urush boshlanganidan buyon 800 mingga yaqin yosh va malakali rossiyaliklar mamlakatni tark etdi. Harbiy xarajatlar yalpi ichki mahsulotning 10 foizigacha yetmoqda, uglevodorodlar eksportidan keladigan daromadlar esa pasaymoqda. 2022-yil o‘rtalarida neft va gaz savdosidan olingan kunlik daromad 1,2 milliard dollarni tashkil etgandi. Bugungi kunda bu ko‘rsatkich 600 million dollargacha tushib ketdi.

Kreml Milliy farovonlik jamg‘armasidan mablag‘ olishga majbur bo‘lmoqda, u 16 yil ichidagi eng past ko‘rsatkich — 54 milliard dollargacha qisqardi. Mamlakatning oltin zaxirasi ham so‘nggi 15 oy ichida 554 tonnadan 279 tonnagacha kamaydi. Jamg‘armada likvid aktivlar deyarli qolmadi.

G‘arbning moliyaviy zarbalari

AQSH uch hafta oldin “Gazprombank” va Rossiyaning 50 dan ortiq moliyaviy muassasasiga qarshi sanksiyalar joriy etib, iqtisodiy bosimni kuchaytirdi. Bu choralar xalqaro pul o‘tkazmalarini va energiya resurslari savdosini qiyinlashtirib, rubl kursiga ta’sir qildi.

Saudiya Arabistoni Rossiya iqtisodiyotiga qo‘shimcha zarba berishi mumkin. Iqtisodiy mutaxassislar prognoziga ko‘ra, Ar-Riyod yo‘qotilgan mavqeini qaytarish uchun jahon bozorini yana arzon neft bilan to‘ldirib yuborishi ehtimoli bor. Agar neft narxi bir barrel uchun 40 dollardan pastlasa, Rossiya moliya tizimi izdan chiqib, qulashi mumkin.

Saudiyaga qaramlik

Tahlilchilar ta’kidlashicha, Rossiyadagi bugungi vaziyat Sovet ittifoqining so‘nggi oylarini tobora ko‘proq eslatmoqda. Tashqi ko‘rinishdan Putin rejimi hozircha barqaror turganday, ammo uning zaiflashuv alomatlari ko‘zga tashlanmoqda. Tizimni izdan chiqarish uchun birgina jiddiy geosiyosiy yoki iqtisodiy turtki kifoya bo‘ladi.

The Telegraph Rossiya-Ukraina mojarosi tarixidagi keyingi bob Ar-Riyodda yozilishi mumkinligi, Putin rejimining kelajak taqdiri aynan Saudiya Arabistonining qarorlariga bog‘liq ekanini xulosa qildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 121218 | Инструменты