“O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–359-son, 27.11.2025 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2026–2030 yillarda moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
- moliyaviy texnologiyalar sohasidagi startaplarga 1 mlrd AQSH dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb qilish;
- moliyaviy texnologiyalar bozori ishtirokchilar sonini kamida 200 taga yetkazish.
Markaziy bank huzurida quyidagilar tashkil etiladi:
- MCHJ shaklida ustav jamg‘armasi 50 mln AQSH dollari ekvivalentiga teng bo‘lgan startap loyihalarni moliyalashtiradigan venchur fondi;
- moliyaviy texnologiyalar sohasidagi startaplar uchun innovatsion xab.
2026 yil 1 yanvardan innovatsion xab ishtirokchilariga moliyaviy texnologiyalar bo‘yicha kurslarda o‘qish va sertifikat olish bilan xarajatlarining 50 foizigacha qismi, biroq 20 ming AQSH dollari ekvivalentidan oshmagan miqdorda qoplab beriladi.
2026 yildan har yili Markaziy bank tomonidan moliyaviy texnologiyalar sohasida xalqaro forumlar tashkil etiladi.
Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 sentyabrgacha banklar, to‘lov tashkilotlari va moliyaviy texnologiyalar bozori ishtirokchilari o‘rtasida xavfsiz maʼlumot almashinuvini taʼminlaydigan “ochiq banking” tizimi joriy etiladi.
2026 yil 1 yanvardan to‘lov vositasi sifatida barqaror tokenlar aylanmasini tartibga solishning maxsus huquqiy rejimi joriy etiladi. Bunda:
- maʼlumotlarning taqsimlangan reyestri texnologiyasi asosida faoliyat yurituvchi to‘lov tizimini yaratish bo‘yicha pilot loyihalar amalga oshiriladi;
- “tartibga solish qumdoni” rejimini joriy qilish tartibi va uning amal qilish muddati Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan Markaziy bank bilan birgalikda belgilanadi.
2026 yil 1 yanvardan:
- O‘zbekiston rezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan tokenlashtirilgan aksiya va obligatsiyalarni emissiya qilishga ruxsat beriladi;
- O‘zbekiston hududida birja faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olgan fond birjalarida tokenlashtirilgan aksiya va obligatsiyalarni joylashtirish hamda ularning muomalada bo‘lishi uchun alohida savdo maydonchasi tashkil etiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112817 | Инструменты