Huawei 1
Ochiqlik talablarini bajarmagani uchun 2024 yilda 5 nafar mansabdor jarimaga tortildi

2024 yilda davlat idoralari faoliyati ochiqligi darajasini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi shakllantirilib, unda 103 ta davlat organidan 31 tasi «yashil», 43 tasi «sariq» va 29 tasi «qizil» baholandi. Bu haqda 20 yanvar kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati rahbari Sherzod Saparov ma’lum qildi.

2024 yilda davlat idoralarining funksiyalaridagi korrupsiya xavf-xatarlar darajasi baholashdan o‘tkazilib, 101 ta davlat organlari va tashkilotlarining 7 525 ta funksiyalaridan 495 tasi korrupsiya xavf-xatar darajasi «yuqori», 1 541 tasi «o‘rta», 5 489 tasi «past» deb baholandi. Shuningdek, korrupsiyaga moyil munosabatlar elektron reyestri shakllantirildi.

«Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi baholanib, 95 ta tashkilotning 42 tasi «yaxshi», 38 tasi «qoniqarli» va 15 tasi «qoniqarsiz» deb topildi. «Qoniqarsiz» baholangan rahbarlarning hisobotlari eshitilib, tanqidiy muhokama qilindi», – deyiladi brifingda.

Shuningdek, brifingda ochiqlikka oid qonun hujjatlari talablarini buzgan 5 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy javobgarlik choralari qo‘llangani ma’lum qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, ma’muriy javobgarlikka tortilgan 5 nafar mansabdor shaxslar: Samarqand viloyati Jomboy tumani, Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahri, Namangan viloyatining Uychi va Namangan tumanlarining sohaga mas’ul hokim o‘rinbosarlari. Shuningdek, Xalq banki axborot xizmati rahbari ham ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 12115 | Инструменты