Huawei 1
Olimlar qandli diabetni ilk alomatlari paydo bo‘lishidan oldin uni aniqlash yo‘lini topdi

Shveysariyaning Jeneva universiteti olimlari qandli diabetni kasallikning ilk belgilari paydo bo‘lishidan avval aniqlash imkonini beruvchi molekulani topdi.

Ushbu kasallik rivojlanishida nimalar rol o'ynaydi?

Yallig‘lanish diabet rivojlanishida asosiy rol o‘ynaydi. Jumladan, oshqozon osti bezining yog‘ga to‘lib qolishi va zararlanishi insulin ishlab chiqaruvchi beta-hujayralar faoliyatini o‘zgartiradi. Natijada ularning kamroq gormon ishlab chiqarishiga sabab bo‘ladi. Beta-hujayralar zararlanishi ushbu kasallikning belgisi hisoblanadi. 

Tadqiqotchilar sun’iy intellekt va molekulyar biologiya usullari yordamida tajriba o‘tkazdi.

Minglab molekulalar orasidan aynan oshqozon osti bezi beta hujayralari shikastlanishini eng yaqqol ifodalovchi turi aniqlandi. Bu 1,5-angidroglyusitola (1,5-AGG) molekulasi bo‘lib, tanada uning kamayishi beta-hujayralar tanqisligidan dalolat beradi.

Jonivorlarda muvaffaqiyatli o‘tkazilgan tajriba navbatdagi bosqichda odamlarda sinab ko‘rildi. 

Bu jarayonda qandli diabetga chalingan va sog‘lom insonlarning 1,5-angidroglyusitola miqdori solishtirildi. Natijada qandli diabet bilan kasallangan bemorlarda 1,5-AGG darajasi sezilarli miqdorda pasayishi kuzatildi. Bu xastalikning dastlabki belgilari boshlanishidan oldin ham kuzatilishi qayd etilgan.

Ushbu kashfiyot qandli diabet profilaktikasiga doir qulay va arzon usullarni ishlab chiqishga yordam berishi mumkin. Chunki 1,5-AGG darajasini oddiy qon tekshiruvi yordamida osongina aniqlasa bo‘ladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122701 | Инструменты