Huawei 1
Ostonada Turkiy davlatlar tashkiloti muftiylari yig‘ildi

Shu yilning 3-oktyabr kuni Ostona shahrida “Xoja Ahmad Yassaviy va uning maʼnaviy merosi” nomli Turkiy davlatlar olimlarining xalqaro ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda turkiy davlatlar muftiylari, din va davlat arboblari taniqli ulamolar, mutasavvif olimlar va diniy soha xodimlari qatnashdi.

Anjuman avvalida Qozog‘iston Respublikasi parlamenti yuqori palatasi - Senat raisi Maulen Ashimbayev ushbu mamlakat Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev janoblarining ishtirokchilarga tabrigini yetkazdi.

Nufuzli anjumanda Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari so‘zga chiqib, Xoja Ahmad Yassaviy turkiy xalqlarning maʼnaviy kamolotiga, axloqiy poklanishi va ruhiy olami boyishi yo‘lida buyuk xizmatlar qilgani, uning maʼnaviy merosi bugungi kunda ham taʼlim-tarbiya ishida keng foydalanilayotgani, Ahmad Yassaviy Buxoroi sharifda taʼlim olgani, Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy kabilar bilan hamsuhbat bo‘lib, Yusuf Hamadoniyning shogirdi sanalishining ilmiy asoslarini keltirdilar.

Shuningdek, Muftiy hazratlari sohibqiron Amir Temur Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasini Turkiston shahrida qurdirgani turkiy xalqlar qadimdan bunyodkorlik ishlarida o‘zaro ittifoq bo‘lganiga dalolat qilishi, bugungi zamonimizda ham bir ezgu maqsad yo‘lida birlashish ana shunday asrlarga tatigulik xayrli ishlarga sabab bo‘lishini taʼkidladilar.

Anjumanda so‘zga chiqqan olimlar Xoja Ahmad Yassaviy nafaqat Turk dunyosida, balki butun Islom olamida shuhrat qozongani, uning taʼlimoti asrlar bo‘yi davom etib kelayotgani, u zot asos solgan Yassaviylik taʼlimoti hamda asarlari uzoq yillardan buyon olimlar, tadqiqotchilarning diqqatini o‘ziga jalb qilib kelayotganini qayd etishdi. Shu bilan birga, Xoja Ahmad Yassaviyga mansub “Devoni hikmat” asari mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi masʼul xodimi Abdulhakim Oripov "Ahmad Yassaviy taʼlimotining Qurʼon va sunnatga mosligi" mavzusidagi maʼruzasi bilan ishtirok etdi.

Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman yakunida ishtirokchilarning murojaati eʼlon qilindi. Unda Xoja Ahmad Yassaviy ezgu taʼlimotlarini keng yoyish, komil inson bo‘lish uchun zarur sifatlarni yoshlar tarbiyasida qo‘llash, alloma merosini chuqur o‘rganish va tasavvuf rivojiga qo‘shgan hissasini targ‘ib etish kabi ishlarni yana-da ommalashtirish lozimligi bayon etildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100417 | Инструменты