Elektromobillar uchun 45 mln so‘mdan 78 mln so‘mgacha utilizatsiya yig‘imi undiriladi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori 2025-yil 1-maydan kuchga kiradi.
Iqtisodchilar ushbu qarorning kuchga kirishiga o'z noroziligini bildirmoqda.
Iqtisodchi Otabek Bakirov o'zining Telegram sahifasida "gaz yo‘qligi va benzin taqchilligi fonida oxirgi ilinj hisoblangan elektromobillar bilan bog‘liq ikkiyuzlamachi va zararkunanda harakatlar davom etadi", deya izoh yozgan. Bakirovning fikricha, 2024-yilda boshlangan notarif cheklovlariga navbatdagi o‘lpon-tovon qo‘shilmoqda.
"Nima deb oqlashlaridan qatʼiy nazar, utilizatsiya yig‘imlarining 4 karra oshirilishi O‘zbekistonda elektromobil olib kelib sotuachi chayqovchiga aylangan (laqabi mahalliylashtiruvchi) BYD Uzbekistan manfaatlariga ishlaydi.
BYD Uzbekistan Factory va BYD Central Asia maxsus imtiyozga ega, ular elektromobillar sotuvida utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinishgan. (Yana bir chayqovchi monopolist, BYD Uzbekistan bilan ota bir, ona bo‘lak Uzauto Motors ham yashirin qarorlar bilan utilizatsiya yig‘imini to‘lamasligini ko‘pchilik bilsa kerak).
JSTga kirish eʼlon qilingan va jarayon eng yuqori siyosiy darajada faollashtirilgan bir vaqtda g‘irt ikkiyuzlamachi qadam. Qanaqadir tor to‘dalar uchun butun bir mamlakatning strategik tanlovi va imijini so‘roq ostiga qo‘yish bu", deya yozmoqda Otabek Bakirov.
Shuningdek, iqtisodchi 5 yildan beri undirilayotgan utilizatsiya yig‘imi qayerga ketayotganini so'roq ostiga olmoqda.
"Buni hech kim bilmaydi. Importni cheklash uchun 2020-yilda joriy qilingan utilizatsiya yig‘imi qayerga, qaysi cho‘ntakka tushayapti, kim taqsimlayapti, nimaga ishlatilayapti, hech kim bilmaydi.
Byudjetda utilizatsiya yig‘imidan tushumlar ham, xarajatlar ham biron marta ochiqlanmagan. Xalq tugul, parlament oldida ham. Yaʼni bu utilizatsiya yig‘imi soliq emas (soliqlarni parlament joriy qiladi), qip-qizil o‘lpon.
Buyam mayli. Kulgulisi, utilizatsiya yig‘imini 4 karra oshirish to‘g‘risidagi qaror ijrosi JSTga kirish uchun masʼul bo‘lgan Xodjayevga topshirilgan.
Xodjayev JSTga kirish bo‘yicha muzokaralarda importni cheklash uchun utilizatsiya yig‘imi joriy qilingani, karrasiga oshirilgani, lekin mahalliy cho‘ntak chayqovchilar uchun darcha va yashirin qarorlar bilan imtiyoz berilganini qanday tushuntirarkin?
Yo JSTga kirishni to‘xtatib turamizmi?", deya yozgan Bakirov.
Iqtisodchi qaror matniga ham e'tiborini qaratdi.
"Tizzada yozilgan qarorlarda imloga kim qaraydi?
Kurbanov qarorda hatto akkumulyator so‘zini to‘g‘ri yoza olishmaganidan hayratda. Tizzada, qanaqadir manfaatdor ofislarda matn yozishayotganida asosiy masala qo‘l qo‘ydirib olish bo‘ladi. Savod, strategik qarorlarga muvofiqlik yoki O‘zbekiston xalqi manfaati unutib turiladi.
Birinchi marta emas-ku", deya yozgan Otabek Bakirov.
Iqtisodchi oxirgi yozgan matnida “akkumlyator” qaror bekor qilinishi kerakligini so'ramoqda.
"Yuliy Yusupov ogohlantirayotganidek, “iqtisodiyotni yutib yuborayotgan ulkan byurokratik mahluq” maqsadiga erishishiga yo‘l qo‘yilsa, O‘zbekistonning kelajagi yo‘q.
Mazmuniga ko‘ra boj hisoblangan utilizatsiya yig‘imi oshirilishidan maqsad importni cheklash va busiz ham trillionlab yashirin imtiyozlarga ega bo‘lgan oligarxik guruhlarga o‘zbekistonliklarni ko‘proq talash imkoniyatini taqdim etish xolos.
Lekin mahalliylashtirish yolg‘onlarining ishtirokchisi bo‘lgan byurokratiya tushunishi kerakki, endi shartli Seagull Xitoydagidan 1,5 barobar emas, 1,8 va hatto 2 barobar qimmat bo‘ladi, lekin himoya qilayotganingiz uch harfli ajdarholar to‘dasi raqobatli bo‘lib qolmaydi. Uch boshli Ajdarholarning ishtahasi qonmaydi, yangi va yangi taqiqlar talab qiladi hali. O‘zi jimitdek ekonomika yana-da kichrayadi, qashshoq xalq yana-da abgorlashadi, tamshanib bo‘lishadigan pirogingiz esa o‘sha-o‘shaligicha qoladi. Xuddi Karimov davridagidek. Keyin bir-biringizni chaynashni boshlaysiz.
Shunday ekan, o‘z oyog‘ingizga bolta urishdan boshqa natija bermaydigan “akkumlyator” qaroringizni bekor qiling, ertani o‘ylasangiz, bu sizning ham foydangiz aslida", deya hukumatga murojaat yo'lladi iqtisodchi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 20616 | Инструменты