Huawei 1
OTB O‘zbekistonda ikkita shamol elektr stansiyasini qurish uchun 174 mln dollar ajratadi

Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va "ACWA Power" kompaniyasi (ACWA) O‘zbekistonning Buxoro viloyatida joylashgan Bosh shamol elektr stansiyasi (Bosh elektr stansiyasi) va Jonkeldi shamol elektr stansiyasini (Jonkeldi elektr stansiyasi) rivojlantirish uchun 174 million AQSH dollari miqdorida qarz kelishuvlarini imzoladi.

Moliyalashtirish o‘z ichiga Bosh elektr stansiyasi uchun 40,5 million AQSH dollari va Jonkeldi elektr stansiyasi uchun 46,5 million AQSH dollari miqdoridagi karzlarni o‘z ichiga oladi va ular OTBning oddiy kapital resurslari hisobidan moliyalashtiriladi. Shuningdek, OTB u tomonidan boshqariladigan Osiyoning yetakchi xususiy infratuzilma fondi (LEAP) tomonidan Bosh elektr stansiyasi uchun ajratilgan 40,5 million AQSH dollarni va Jonkeldi elektr stansiyasi uchun ajratilgan 46,5 million AQSH dollarni boshqaradi.

Har bir elektr stansiya 79 ta shamol turbinasidan iborat bo‘lib, jami 158 ta shamol turbinasi mavjud va ular yiliga 3235 gigavatt-soat elektr energiyasini ishlab chiqaradi va shu tarzda 2 million tonnaga yaqin karbonat angidrid ekvivalentining chiqarilishini oldini oladi. Bosh elektr stansiyasi va Jonkeldi elektr stansiyasi birgalikda Markaziy va Gʻarbiy Osiyo mintaqasidagi eng yirik kommunal miqyosdagi shamol energiyasi loyihasiga aylanadi. Shuningdek, qarzlar elektr tarmog‘iga ulanish uchun 282,5 km uzunlikdagi 500 kilovoltlik bir zanjirli havo uzatish liniyasini qurishga yo‘naltiriladi.

OTB O‘zbekistonda 2019-yildan buyon, ya’ni mamlakat xususiy sektor ishtirokchilari uchun qayta tiklanadigan energiya sektorini ochganidan buyon 2500 MVtga yaqin quvvatga ega qayta tiklanadigan energiya loyihalarini qo‘llab-quvvatladi. OTBning ACWA bilan so‘nggi hamkorligining umumiy qiymati taxminan 1,35 milliard AQSH dollarini tashkil etadi.

Parallel kreditorlar sifatida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, OPEKning Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi, Proparco, DEG - Deutsche Investitions-Und Entwicklungsgesellschaft Mbh ishtirok etmoqda.

LEAP OTB tomonidan boshqariladigan fond bo‘lib, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan ajratilgan kapitali 1,5 milliard AQSH dollari miqdorida kapitalga ega. LEAP 2016-yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning maqsadi - OTBning rivojlanayotgan a’zo mamlakatlariga uglerod chiqindilarini kamaytiradigan, energiya samaradorligini oshiradigan hamda hamyonbop sog‘liqni saqlash, ta’lim va aloqa xizmatlarini taklif qiluvchi yuqori sifatli, barqaror infratuzilma loyihalarini xususiy sektorda amalga oshirishdir.

Bosh elektr stansiyasi va Jonkeldi elektr stansiyasi loyihalari qayta tiklanadigan energiya sohasida mintaqaviy yetakchi hisoblangan "ACWA Power" kompaniyasiga tegishli bo‘lgan maxsus maqsadli mexanizmlardir. ACWA 2008-yilda tashkil etilgan va 13 mamlakatda 67 ta faol, qurilayotgan yoki istiqbolli aktivlarga ega bo‘lgan elektr stansiyalari va tuzsizlantirish qurilmalarining ishlab chiqaruvchisi, investori va operatori hisoblanadi. ACWA portfeli kuniga 43,4 GVt elektr energiyasi va 6,4 million kub metr tuzsizlangan suv ishlab chiqarish quvvatiga ega.

OTB o‘ta qashshoqlikka barham berish bo‘yicha sa’y-harakatlarini davom ettirib, rivojlangan, keng qamrovli va barqaror Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga erishishga intiladi.  OTB 1966 yilda tashkil etilgan bo‘lib, unga 68 mamlakat a’zo bo‘lgan. Ularning 49 tasi mintaqada joylashgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91305 | Инструменты