Qoraqalpog‘istonda “Nukus city” barpo etiladi

Joriy yil 5-noyabr kuni Prezidentning Qoraqalpog‘iston Respublikasida olib borilayotgan islohotlarni yanada jadallashtirishga qaratilgan qarori qabul qilindi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2027-yilda yuqori va barqaror iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishning asosiy maqsadlari belgilandi.

Xususan, yalpi hududiy mahsulot hajmi 108% ga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish – 107% ga, bozor xizmatlari – 117%ga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish – 105% ga, qurilish ishlari – 113% ga o‘sishini ta’minlash belgilandi.

Shuningdek, eksport hajmini $550 mlnga, jami investisiyalar hajmini 2 baravarga oshirib $5 mlrdga yetkazish, 1-bosqichda past daromadli 125 ming oiladagi 513 ming aholini yuqori daromadli ish o‘rinlariga joylashtirish kabi vazifalar qo'yildi.

Qarorga ko‘ra, Nukus shahrida Jolshilar mahallasi Ashshiko‘l hududidagi 270 gektar maydonda 50 ming aholiga mo‘ljallangan ilg‘or arxitektura yechimi va energiya tejamkor texnologiyalar asosida “Nukus city” barpo etiladi. Bunda Yangi Toshkent loyihasi bo‘yicha tajribalardan kelib chiqib, xorijiy tashkilotlarning tavsiyalari asosida bosh reja ishlab chiqish hamda arxitekturaviy yechimlar qo‘llanadi.

Shu bilan birga “smart city” yechimlarini qamrab olgan zamonaviy ko‘p kvartirali turar joylar, savdo va biznes markazlari, mehmonxonalar, parklar, yashil hududlar, favvoralar, sport maydonchalari, ijtimoiy soha muassasalari va boshqa obyektlar joylashtiriladi.

“Bo‘zatov agrostar” kompaniyasi tashkil etiladi

Qarorga ko'ra, shu yil 15-noyabrdan AT “Xalq banki” tomonidan yaylovlarni o‘zlashtirish va chorvachilik loyihalarini amalga oshirish uchun “Uzagrostar xolding” kompaniyasi ta’sischiligida alohida “Bo‘zatov agrostar” kompaniyasi tashkil etiladi.

“Bo‘zatov agrostar” kompaniyasi cho‘l-yaylov o‘simliklari urug‘larini granulalash, kapsulalash va uchuvchisiz uchish apparati (dron) yordamida ekish ishlarini amalga oshiradi. Bunda 10 dona dron, ularni tashishga mo‘ljallangan maxsus avtotransport vositalari va 2 dona granulyator xarid qilib, mutaxassislarini dronlarni boshqarish va ulardan samarali foydalanish bo‘yicha maxsus kurslarda o‘qitadi.

2030 yil yakuniga qadar 100 ming gektar yaylov maydonida qandim, cherkez, cho‘g‘on, baliqko‘z, donasho‘r, shuvoq, izen va boshqa cho‘l-yaylov sharoitiga mos yaylov o‘simliklari urug‘lari dronlar yordamida ekilishini ta’minlaydi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110916 | Инструменты