Toshkentning elektr ta’minoti va ekologik barqarorligi uchun muhim qadam: 500 kVli “Halqa” podstantsiyasiga kuchlanish berildi

Kecha, 7-noyabr kuni O'zbekiston energetika tizimidagi yirik infratuzilmaviy loyihalardan biri — yangi 500 kVli “Halqa” podstantsiyasiga kuchlanish berildi. Bu haqda energetika vazirligi  ma'lum qildi.

Oʻzbekistondagi eng yirik va zamonaviy yuqori kuchlanishli obyektlardan biri boʻlgan mazkur podstansiya 1602 MVA quvvatga ega. Uning ishga tushirilishi Toshkent shahri va Toshkent viloyatining bir qismida elektr energiyasi ta’minotini yanada mustahkamlash, shuningdek, mavjud elektr tarmoqlariga tushayotgan yuklamani maqbul taqsimlash imkonini beradi.

Eng muhimi, yangi podstansiyaning ishga tushirilishi natijasida Toshkent shahri va Toshkent viloyatining bir qismidagi elektr yuklamalari qayta taqsimlanadi. Natijada Toshkent issiqlik elektr stansiyasiga tushadigan yuklama kamayib, stansiyada mazut yoqilgʻisidan foydalanishga ehtiyoj qolmaydi.

Demak, “Halqa” podstantsiyasining ahamiyati faqat elektr ta’minoti ishonchliligini oshirish bilan cheklanmaydi. U poytaxt va unga tutash hududlarda ekologik vaziyatni yaxshilash, atmosferaga chiqariladigan ifloslantiruvchi moddalarni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda ham muhim oʻrin tutadi.

Umumiy qiymati 171,4 mln AQSH dollarini tashkil etgan mazkur investitsiya loyihasi Jahon banki ishtirokida amalga oshirildi. Loyiha doirasida 1602 MVA quvvatli “Halqa” podstantsiyasi bilan birga 220 kVli 213 kilometr va 500 kVli 72 kilometr, jami 285 kilometr yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari barpo etildi.

Ushbu infratuzilma mamlakat yagona energetika tizimining uzatish imkoniyatlarini kengaytirish, elektr energiyasi oqimlarini samarali taqsimlash va ortib borayotgan iste’mol talabini ishonchli qondirish uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi.

Ayni paytda yangi obyektlarni yagona energetika tizimiga toʻliq integratsiya qilish boʻyicha yakuniy ishlar davom etmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110915 | Инструменты