Huawei 1
O'tgan 8 oyda tabiiy resurslarga egalik huquqini buzish bilan 394 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilgan

Joriy yilning o‘tgan sakkiz oyi mobaynida Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 60-moddasi (Tabiiy resurslarga egalik huquqini buzish) bilan 394 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov maʼlum qildi.

Shu bilan birga, yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, shu jumladan, ushbu yer uchastkalariga nisbatan qonuniy huquqlari mavjud bo‘lmagan holda ulardan foydalanish, xuddi shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, Jinoyat kodeksining 229-1-moddasiga asosan, javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Qonunchilikda sug‘oriladigan yer maydonlari alohida muhofazaga ega bo‘lib, sug‘oriladigan yerlardan faqat Yer kodeksida nazarda tutilgan maqsadlar uchungina foydalanish mumkin.

Mazkur toifadagi yer uchastkalarini ularda qurilish ishlarini amalga oshirgan holda o‘zboshimchalik bilan egallab olganlik uchun Jinoyat kodeksining 229-1-moddasi 2-qismida bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 229-6-moddasida sug‘oriladigan yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga bo‘lgan huquqni sotish yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda o‘zga shaxsga berganlik uchun javobgarlik belgilangan bo‘lib, buning uchun bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Maʼlumotlarga ko‘ra o‘tgan yilda Jinoyat kodeksining 229-6-moddasi bilan 44 nafar shaxsga ayblov hukmi chiqarilgan. 2024 yilda esa mazkur modda bilan 47 nafar shaxsga nisbatan jinoiy jazolar tayinlangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101419 | Инструменты